Taniqli jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayevning «Maddoh jurnalistu lattachaynar amaldor kimga ham kerak?» sarlavhali maqolasining davomi «Novosti Uzbekistana» nashrida e'lon qilindi. Quyida ushbu maqolaning to‘liq matni o‘zgartirishlarsiz keltiriladi.
 
«Yomon» jurnalistni kim himoya qiladi? 
Ayrim to‘ralar uchun maddoh, o‘ngu so‘liga qaramasdan faqat maqtaydiganlar «yaxshi» jurnalist, haqiqatni ro‘yobga chiqarish uchun kamchilikni yozadiganlar esa «yomon» jurnalist sanaladi. Ammo aslida buzg‘unchi kim degan savolga bemalol o‘sha «yaxshi» jurnalistlar deb javob qaytarish lozim. Chunki ularning maddohligi oqibatida kamchiliklar tugatilmaydi, ular xaspo‘shlanadi va g‘ovlab ketadi. Natijada hamma soha rasvo bo‘ladi hamda bunday «yaxshilik»ning jamiyat va davlatga katta zarari tegadi. Sharl Monteskening so‘zlarini eslaylik: «Har bir fuqaro vatani uchun jon fido qilishga tayyor bo‘lmog‘i lozim. Ammo uni deb yolg‘on gapirmasligi kerak». Tomas Jyefferson esa boshqacha fikrda bo‘lmoqlikni vatando‘stlikning eng yuqori ko‘rinishi deb atagan edi. 

Faqat erkin matbuotgina o‘z vazifasini to‘laqonli bajarishiga, hukumat va jamiyat o‘rtasida vositachi bo‘la olishga, aholi xabardorligini oshirishga va jamoat nazoratini amalga oshirishga qodir. 

Mamlakatda erkin so‘z va erkin ommaviy axborot vositalari hukmron bo‘lishi bir qator omillarga bog‘liq. Ulardan birinchisi qonun ustuvorligidir. Qabul qilingan qonunlar ishlashi kerak. Har qanday sohada, jumladan, jurnalistik faoliyat bilan bog‘liq talablar buzilgan taqdirda, qonun amal qilmog‘i lozim. Ushbu omil bilan uzviy aloqada bo‘lgan ikkinchi muhim omil sud tizimining mustaqilligidir. OAV xodimlariga qilingan tahdid, u qayerdan va kim tomonidan bo‘lganligiga qaramasdan, sud tomonidan qonuniy ko‘rib chiqilishi shart. Hech kimning «telefon huquqi»dan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. 

Erkin va to‘la, amalda mustaqil OAV bo‘lishning yana bir sharti kuchli fuqarolik jamiyati mavjudligidadir. Chunki jurnalist jamiyatdagi vaziyatni yaxshilash uchun harakat qilsa-yu, bu yo‘lda katta bir amaldor yoki kuchli ta'sir doirasiga ega bo‘lgan tashkilot unga qarshi chiqsa, jamoatchilik chetda tomoshabin bo‘lib turishi mumkin emas. Jurnalistning haqqoniy so‘zi deb, unga tazyiq o‘tkaza boshlanganda, fuqarolik jamiyati uning himoyasiga otlansa, o‘z manfaati yo‘lida harakat qilayotganlarning chekinishiga to‘g‘ri keladi. Erkinlikni bo‘g‘moqchi bo‘lganlar bundan keyin o‘z qadamini o‘ylab bosadigan bo‘ladi.

Yuqorida sanab o‘tilgan omillar amal qiladigan jamiyatlarda jurnalist qo‘rqmasdan nuqsonu kamchiliklarni ochib tashlaydi, mamlakat rivojiga to‘siq bo‘lgan holatlarni birma-bir qalamga oladi, ularga jamoatchilik e'tiborini qaratadi va umumiy ahvolning yaxshilanishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Buning aksi bo‘lgan taqdirda jurnalistik tekshiruv olib borgan OAV xodimiga tahdid bilan cheklanmasdan, uning joniga qasd qilish holatlari ko‘plab uchraydi. Shu sababli jurnalist kasbi dunyodagi eng xavfli kasblar sirasiga kiradi.