Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Maddoh jurnalistu lattachaynar amaldor kimga ham kerak?
Taniqli jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayevning «Maddoh jurnalistu lattachaynar amaldor kimga ham kerak?» sarlavhali maqolasi «Novosti Uzbekistana» nashrida e'lon qilindi. Quyida ushbu maqolaning to‘liq matni o‘zgartirishlarsiz keltiriladi.
Birinchi rahbar nima desa, bosh chayqab ma'qullaydigan va o‘sha eshitganlari doirasida amal qiladigan amaldorlar endi davlat va jamiyat uchun ortiqcha yuk bo‘layotganligi tobora yaqqol ko‘zga tashlanib bormoqda. Bunday to‘ralar yuzaga kelgan yangicha vaziyatda qanday yo‘l tutish kerakligini bilmay, vaqtni behuda o‘tkazishadi va yangi ko‘rsatma bo‘lmaguncha kutishadi. Endi tog‘asi, amakisi yoki cho‘ntagining qudrati bilan amalga o‘tirgan lattachaynar amaldorlar hech kimga kerak bo‘lmay qoldi.
Mamlakatdagi tub o‘zgarish aholining, har bir fuqaroning fidoiyligiga asoslanadi. Aholining ma'lum qatlamida hukmron bo‘lgan mutelik, tobelik, boqimandalik kayfiyatidan qutulish vaqti keldi. Davlat boqishi kerak, davlat hayotimni yaxshilashi lozim degan paternalistik qarashga asoslangan fikrlash, afsuski, ko‘p asrlar davomida ongimizga singib ketgan. Bunday kayfiyatdan qutulish yo‘lida mamlakatimizning shahdam qadamlar bilan taraqqiy etishi uchun fidokor jurnalistlar zimmasida ham katta mas'uliyat yuklatilgan. Endi maddohlar va maddohizm davri ortda qolib bormoqda.
Haqiqatni yozgan jurnalist buzg‘unchimi?
Bundan besh yil avval toshkentlik bir jurnalist do‘stim quyidagi voqeani aytib bergan edi. U o‘sha paytdagi O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisiga shunday degan ekan: «Toshpo‘lat Rahmatullayev «Oltin qalam» tanloviga maqolalarini yuborgan ekan, u g‘oliblar safidan o‘rin olsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki muntazam tanqidiy-tahliliy maqolalar yozib turibdi». Bunga javoban rais qisqa qilib, «u – buzg‘unchi» degan.
Tabiiyki, agar mening yozganlarimda buzg‘unchilik nafasi kelganda edi, qachonlardir kovushimni shunday o‘nglab qo‘yishardiki, yo‘limni topolmasdan, sarsonim chiqardi. Amaldorlar orasida chuqur ildiz otgan erkin so‘zga qarshilik, haqiqatni gapirganni dushman sifatida qabul qilish kabi nosog‘lom kayfiyatdan qutulish zarur. Busiz demokratik taraqqiyot va iqtisodiy rivojlanish sari odim tashlashi o‘ta mushkul, aslida mumkin ham emas.
Hokimiyat vakillari to‘g‘ri so‘z jurnalistlarni «buzg‘unchi unsurlar» sirasiga kiritishlarini bundan bir necha yil avval britaniyalik kasbdoshimiz Devid Rendalning «Universal jurnalist» kitobida o‘qigan edim.
Butun dunyoda yaxshi jurnalistlar o‘z vazifalarini bir xilda tushunishini uqtirib, Devid Rendall ana shu vazifalar nimadan iborat ekanini birma-bir sanab o‘tadi. Bu, birinchi navbatda, savol bera olish va shubhalana bilishdir. Bundan tashqari, ushbu vazifalar qatoriga quyidagilar ham kiradi:
– mish-mishu bo‘htonlar o‘rniga axborotni topish va tarqatish;
– hukumat nazoratiga qarshilik ko‘rsatish yoki undan batamom xoli bo‘lish;
– saylovchilarni xabardor qilish;
– hukumat, saylab qo‘yiladigan vakillar va jamoat tashkilotlari harakati va harakatsizligini diqqat bilan tekshirish;
– biznes dunyosini tadqiq etish;
– aziyat chekayotganlar hayotini yengillashtirish va mansab kursisida qulay o‘rnashib olganlarni tergab turish;
– jamiyat yuziga oyna tutib, uning yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatish, uning o‘zi mahliyo bo‘lib kelayotgan afsonayu cho‘pchaklarni barbod etish;
– odil sudlov g‘alabasi uchun ishlash, uning g‘alabasini ko‘rsatish va mag‘lubiyatini tekshirish;
– g‘oyalarning erkin almashinuviga yordam ko‘rsatish, ayniqsa, ular hukmron mafkuraga qarshi bo‘lgan taqdirda.
Oldiga ana shu maqsadlarni qo‘yib, ularni qo‘lga kiritish uchun harakat qilgan jurnalist jamiyat uchun har qanday harakatchan amaldordan ham ko‘proq xizmat qiladi. Chunki, deydi Devid Rendall, jurnalistlar hukumatlarga emas, fuqarolarga sodiqdirlar (ta'kid bizniki). Ular aholini axborot bilan qurollantiradilar. Aynan shuning uchun ham hukumat va turli darajadagi hokimiyat vakillari ularga to‘siq bo‘lishga, ularning jim turishiga harakat qilishadi va ularni «buzg‘unchi unsurlar» toifasiga kiritishadi. Aslida ham shunday. Ularning faoliyati jamiyatni axborotdan judo etmoqchi bo‘lganlarning hokimiyatini buzadi.
Shuning uchun ham butun dunyoda jurnalistlarga tazyiq o‘tkazib kelinmoqda. Hatto ularning jonlariga qasd qilish boshqa kasb egalariga nisbatan ko‘proq uchraydi va jurnalistlik eng xavfli kasblardan biriga aylangan.
Amaldor shunchalik qudratlimi? Uning tizgini kimning qo‘lida?
Keyingi oylarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni, qabul qilinayotgan qonunu qarorlarni butun dunyo diqqat bilan kuzatayotganini, ularga qiziqish ortib borayotganini ko‘rib turibmiz. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ichki va tashqi siyosatdagi o‘ta faolligi aksariyatning diqqat markazida desak, xato bo‘lmaydi. Barcha sohalardagi tub o‘zgarishlarni davlat rahbari talabi darajasida amalga oshirish uchun katta kuch kerak. Bu yerda mablag‘ haqida gap ketmayapti. Albatta, mablag‘siz bunday keng ko‘lamli ishlarni bajarib bo‘lmaydi. Mablag‘ ham topilar, ammo eng asosiysi – inson omili, ya'ni o‘sha islohotlarni amalga oshirishga kamarbasta bo‘lgan turli darajadagi amaldorlar o‘z vazifasini sidqidildan bajarishi. Shuningdek, har bir ishchi-xodimning, fuqaroning zamon o‘zgara boshlaganini anglab, yangi talablar darajasida faoliyat yurgizishi.
Afsuski, keyingi yillarda chiqarilayotgan qonunu qarorlar, o‘zgarishlarga da'vatlar qog‘ozda yoki oddiy gap bo‘lib qolib ketayotgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlarida tepsa tebranmas amaldorlarga endi bunday bo‘lmasligini, ular uni alday olmasliklarini, joylarda nima bo‘layotganligidan yaxshi xabardor ekanligini har zamonda takrorlab turibdi. Darhaqiqat, hukumat tarkibida, vazirliklarda, viloyat, shahar, tuman darajasida amalga oshirilayotgan kadrlar almashinuvi davlat boshlig‘i mavjud vaziyatdan xabardor ekanini va uni o‘zgartirishga intilayotganini ko‘rsatmoqda.
Ammo amaldorlar qanchalik ustamon ekanini, ular o‘z manfaati yo‘lida hech narsadan tap tortmasligini, o‘zaro til biriktirib, kelishib, asosiy yo‘ldan, islohotlar yo‘lidan chetga chiqishga intilishini bu ko‘hna tarix ishlaridan xabardor bo‘lgan har bir kishi yaxshi biladi. Tilga olingan qusurlar har doim ham amal kursisida o‘tirganning shaxsiy manfaat yo‘lidagi harakati bilan bog‘liq bo‘lmasligi mumkin. Ular orasida oshna-og‘aynigarchilik yordami bilan amalga kelganu, endi yangi sharoitda, talab kuchaygan paytda o‘z vazifasini eplay olmasdan harakatsizligi bilan islohotlarga to‘siq bo‘layotganlar ham borday, nazarimda.
Aslida davlat amaldori tanho qonun va konstitutsiya talabi asosida, o‘z mansab vakolati doirasida harakat qilmog‘i lozim. Bizda esa pastdagi amaldor o‘zidan yuqorida turganning og‘ziga, xohish-irodasiga qarab, ishlashga o‘rganib qolgan. «Tepa»dagi to‘la bo‘ysunishni talab qilib kelgan, «past»dagi esa shunga o‘rganib qolgan va buni odatiy hol deb tushunadi. Aksariyat amaldorlarda tashabbus yo‘qligi ham ko‘p hollarda ana shu holat bilan bog‘liq. Hozir odamlar orasida bir gap tarqalgan. Emishki, avvallari amal kursisiga minish uchun pul berishga tayyor bo‘lganlar endi amaldan qutulish ilinjida har qanday xarajatga tayyor. Chunki ular endi prezidentning yangi talablari doirasida, yuzaga kelgan yangicha sharoitda ishlash qobiliyatiga ega emas.
Aslida davlat boshqaruv organlariga tasodifan kelib qolganlardan zudlik bilan qutulish zarur. Faqat jonkuyar rahbarlargina keyingi o‘n yilliklar mobaynida xalq bilan hokimiyat orasida paydo bo‘lgan jarlikka barham berishi mumkin.
Bizning OAV jamoat nazorati o‘rnatishga qodirmi?
Ana shunday sharoitda nima qilmoq kerak? Qanday yo‘l tutmoq lozim? Katta bir mamlakatda, millionlab kattayu kichik amaldorlar faoliyatini doimo davlat tomonidan nazorat qilib turish mushkul ekanligini jahon tarixiyu tajribasi ko‘rsatib turibdi. Bu yerda qandaydir «yangi yo‘l» ixtiro qilishga intilishga hojat ham yo‘q. Aniq va sinalgan vosita – jamoat nazoratini yo‘lga qo‘yishdir. Bir donishmand hukmdorning bu boradagi hayotiy so‘zlarini keltirmoqchiman: «Odamlar farishtalar emas, ularni boshqarish uchun davlat va hukumat kerak. Davlat va hukumatda o‘tirganlar ham farishtalar emas. Ularning faoliyati ustidan jamoat nazorati o‘rnatilishi lozim».
Rivojlangan demokratik mamlakatlarda jamoat nazorati fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan o‘rnatiladi. Bizda ular hali davlat idoralari ustidan jamoat nazorati o‘rnatish darajasidagi kuchga, salohiyatga ega bo‘la olgani yo‘q. Siyosiy partiyalar bo‘ladimi, nodavlat notijorat tashkilotlari yoki turli boshqa birlashmalar bo‘ladimi hali ularni to‘laqonli fuqarolik jamiyati institutiga aylangan deb bo‘lmaydi.
Siyosiy partiyalar jamiyat va davlat o‘rtasidagi vositachilik vazifasini samarali bajara olmayapti, jamoat tashkilotlarining o‘zaro mustahkam va tizimli aloqasi yo‘lga qo‘yilmagan, ular fuqarolarning huquq va erkinliklari buzilgan taqdirda birlashgan holda davlat idoralariga ta'sir o‘tkazish layoqatiga ega emas. Davlatimiz rahbarining keyingi paytda siyosiy partiyalar va parlament deputatlarining ishini qattiq tanqid ostiga olgani ham bejiz emas. Balki endi ular zimmasidagi vazifalarni anglab, harakatga kirishar?
Jamoat nazoratini amalga oshiruvchi yana bir katta kuch mavjud. Bu – ommaviy axborot vositalari. Ammo OAV ushbu vazifani to‘laqonli bajarishi uchun erkin bo‘lmog‘i lozim. Tajribali bir siyosatchining quyidagi so‘zlariga e'tiboringizni jalb qilmoqchi edim: «Jamiyatda so‘z erkinligining barqarorligi, erkin jurnalistning mavjudligi mamlakat hayotidagi muammolarning 50 foizi yechildi, degani».
Fikri ojizimcha, ishni, islohotni jurnalistikamizga birinchi mas'ul hisoblangan eng tepadagi, davlat idorasidagi amaldorni o‘zgartirishdan boshlash zarur. U zamonaviy fikrlaydigan, jurnalistikaning demokratik jamiyatdagi o‘rnini aniq tasavvur qila oladigan, qonunlar va kasb etikasi talablari asosida ishlayotgan va jamiyatimiz rivojiga to‘sqinlik qilayotgan har qanday illatlarni ro‘y-rost ochib berayotgan jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlaydigan shaxs bo‘lmog‘i kerak. Shu bilan birga, u o‘ziga yoki unga qaysidir bir tomondan tegishli bo‘lgan amaldorni tanqid qilgani uchun jurnalist yoki u ishlaydigan gazeta (radio, TV, sayt) rahbariyatiga «telefon huquqi»dan foydalinib, tahdid qilishdan o‘zini tiya oladigan ma'naviyati baland inson bo‘lsin.
Keyingi paytda mamlakatda ko‘pgina yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlar OAVni ham qamrab oladi degan niyatdaman. Vaqti kelib prezident Shavkat Mirziyoyev OAV xodimlari bilan uchrashadi, uchrashuvda jurnalistikamizning jamiyatdagi tub o‘zgarishlar bilan hamohang bo‘lishi, birga qadam tashlashi, hatto ulardan oldingi safda o‘rin olishi uchun sohadagi mavjud muammolar muhokama etiladi, degan ishonch bilan yuribman.
Bundan avvalroq OAVni isloh etish masalasi jurnalistlar hamjamiyatida obdon muhokama etilishi kerak emasmi? Kimdir keyingi oylar mobaynida televideniyeda, ayrim matbuot sahifalarida jurnalistikamiz kelajagi haqida suhbatlar tashkil etilib, fikrlar bildirilmoqda-ku, deyishi mumkin. Gap bu yerda nomigagina tashkil etilayotgan tadbirda emas, ularning sifati va amaliy natijasi haqida ketmoqda.
Kechagina maddohlik qilib yurgan boshlovchi, fikrini ochiq bildirishga qo‘rqayotgan jurnalist, o‘zi katta senzorga aylanib bo‘lgan bosh muharrirlar ishtirokidagi tok-shou aslida shouga aylangan ta'sirsiz va foydasiz narsa emasmi?! Nega o‘tgan yillar davomida o‘z ovoziga ega bo‘lgan, ma'lum sabablarga binoan chetga chiqib qolgan jurnalistlarni taklif etib, ular bilan muloqot qilinmayapti, OAVni turg‘unlikdan olib chiqish, jurnalistikadan jamiyat manfaati yo‘lida foydalanish masalalari muhokama etilmayapti?
Davlat rahbari bir chiqishida «Men nima uchun odamlar bilan ko‘p uchrashaman? Odam izlayman, menga ko‘zi yonib turgan, kishilar tashvishini his qilib turadiganlar kerak», degan edi. Albatta, har bir rahbar o‘zi ishlab chiqqan strategiyani hayotga tadbiq etish uchun o‘z jamoasini tuzadi. Xuddi shunday, jamiyat rivoju ravnaqi uchun yonib yashaydigan, o‘zgalar tashvishidan uzoq bo‘lmagan jurnalistlar ham kerak. Ana shunday jonkuyar OAV xodimlari yordamida amaldorlar faoliyati hamda qabul qilinayotgan qaroru qonunlar qanchalik samarali ijro etilayotgani ustidan jamoat nazorati o‘rnatish mumkin bo‘ladi.
Toshpo‘lat RAHMATULLAYeV
(Davomi bor)
Mavzuga oid
22:31 / 28.07.2025
«Qo‘lga tushgan» tizim: selektor voqeasi muammoga ko‘zgu tutdi
10:42 / 25.07.2025
Ishdagi ishqning yakuni: selektorda “qo‘lga tushgan” amaldor ishdan olindi
22:15 / 12.03.2025
Malibu'dan Tahoe'gacha – amaldorlarning “inomarka”lari qanday avtomobilga almashdi?
16:34 / 11.03.2025