Joriy yilning 21 iyul kuni Kun.uz sayti orqali “Xarobada bir uy bor: Yakkasaroyda arosatda qolgan xonadon haqida” deb nomlangan tahliliy maqola e'lon qilingan edi. Ushbu maqolada Mahmudov Faxriddin Panji o‘g‘li va Lobanova Tatyana Aleksandrovnalarning Kun.uz saytiga qilgan murojaatlari yuzasidan ular yashayotgan xonadon holati, undagi sharoitlar va bu ishlarga hokimiyat mutasaddilarining munosabati o‘rganilgan edi. Ushbu maqola e'lon qilingach, Yakkasaroy tumani hokimiyati mazkur masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Quyida hokimiyat tomonidan Kun.uz saytiga yuborilgan maktub havola qilinmoqda.
“Toshkent shahar hokimining 2017 yil 10 fevraldagi 131-sonli qaroriga asosan, Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Mirobod ko‘chasi 64A-uy, 1 va 4-xonadonlar buzilishga tushgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ixtiyorlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yilishi munosabati bilan, fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning talablariga muvofiq hamda Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani hokimining 2017 yil 10 fevraldagi 104-sonli qarori asosida, turar-joy binolari buzilishi hisobiga hududda obodonlashtirish, oilalarni uy-joy bilan ta'minlash, yer uchastkasi ajratish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha tuman hokimligida komissiya tashkil etilgan.
1. Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Mirobod ko‘chasi, 64a-uy,
1-xonadon (obshchiy dvor) umumiy foydalanish maydoni 52,29 kv.m., shundan
2 ta yashash xonasining maydoni 40,50 kv.m., tashkil etadi. Ushbu xonadon fuqaro Mahmudov Faxriddin Panji o‘g‘liga tegishli bo‘lib, xonadonda
3 ta oila doimiy ro‘yxatda turadi. Shulardan Mahmudov Faxriddin Panji o‘g‘li oilasi 6 jondan, Mahmudova Feruza Panjiyevna oilasi 7 jondan va Mahmudova Saida Fahriddin qizi oilasi 1 jondan iborat.

Mazkur oilalarga Sergeli va Yunusobod tumanlarida joylashgan 5 va 6 xonali uylardan, shuningdek, fuqarolarning xohish-istaklarini inobatga olib, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlaridan turar joylar taklif etildi. Biroq taklif etilgan va o‘z xohish-istaklaridan kelib chiqib tanlangan xonadonlarning birontasi ma'qul kelmadi.











