10:59 / 16.08.2017
14826

Obamaning Sharlotsvilldagi voqealardan keyin chop etgan tviti Twitter tarixidagi eng mashhur tvit bo‘ldi

Twitter’dagi xabarlarning mashhurligini kuzatib boruvchi Favstar nashri statistikasidan ma'lum bo‘lishicha, AQShning sobiq prezidenti Barak Obamaning Sharlotsvilldagi tartibsizliklardan keyin chop etgan tviti 2,9 mln dan ko‘proq “layk” (“yoqdi”) yiqqan. Uch kun ichida bu tvit 1,2 mln foydalanuvchi tomondan boshqalarga jo‘natilgan. Shu tariqa Obamaning tviti Twitter tarixidagi eng mashhur tvitga aylandi.

Obama o‘z tvitida mashhur huquq himoyachisi Nelson Mandelaning so‘zlarini keltirib o‘tdi. Bu sitata to‘liq quyidagicha yangraydi: “Hech kim terisi rangi, mavqei yoki dini sababli boshqa odamga nisbatan nafrat bilan tug‘ilmaydi. Odamlar nafratlanishni o‘rganadilar, ular nafratlanishni o‘rgana olar ekanlar, ularni muhabbatga o‘rgatishga harakat qilish kerak, chunki muhabbat odam qalbiga ancha yaqinroqdir”. Tvitterda belgilarni kiritishga cheklov borligi sababli Obama ushbu sitatani uch qismga bo‘lib chop etgan. Tsitataning aynan birinchi qismi mashhurlashib ketgan. Sobiq prezident unga bir suratini ilova qilgan. Suratda u Merilend shtatidagi bolalar bog‘chasi yonida turibdi, unga esa bog‘cha oynasidan turli irqdagi bolakaylar qarab turishibdi. Tsitataning 2- va 3-qismlari esa milliontadan “layk” yiqqan.

Avval tvitterda mashhurlik bo‘yicha qo‘shiqchi Ariana Grandening Manchesterdagi konsertida sodir bo‘lgan portlashdan keyin chop etgan tviti yetakchi edi. U tvitida “G‘am-g‘ussadan yonmoqdaman. Chin yurakdan juda afsusdaman. Aytishga so‘zim yo‘q” deb yozgandi. Bu tvit 2,7 mln ta “layk” va 1,2 mln ta retvit yiqqandi.

Top