“Mana, o‘zinglar ko‘ryapsizlar, soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib to‘satdan insult bo‘lyapti, infarkt bo‘lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana to‘y qilishi kerak. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Bugun hayotimizda ko‘payib borayotgan oilaviy mojarolar, urush-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu narsaga borib taqaladi”.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.
 

Ergash Karimovning «zambaragi»

— Nechta qo‘y oldingiz?

— Bitta qo‘zi...

— O‘nta qo‘y nima bo‘ladi?..

* * *

— "Vodoprovod" suvi kerak emasmi? Balki "asfalt" tekislaydigan mashina kerakdir?.. O‘lgan buvisiga yangi kafan, otasiga - aroq zavodi, onasiga - kampit zavodi, singlisiga — kiyim fabrikasi... sizga esa — zambarakning o‘qi...

* * *

Zukko o‘quvchi bu lavhalar qaysi filmlardan ekanini darrov fahmladi. Eng qizig‘i, bu filmlar allaqachon tarixga aylangan bo‘lsa-da, undagi voqealar bugungi to‘ylarimiz haqida so‘zlayotgandek tuyulaveradi. Nega shunday deysizmi? Negaki, "to‘yimiz mahallada duv-duv gap bo‘lsin", deb hoyu havasga berilgan Poshshaxon bugun isrofu uvoldan qo‘rqmaydigan, to‘ydan keyin ro‘zg‘ori nochorlashib qolishini xayoliga ham keltirmaydigan bugungi ayrim ayollarga o‘xshamaydimi? Yoki o‘sal yotgan qarindoshidan tortib, kuyovning bojasi, hatto "magnitafon jinnisi" bo‘lgan kichkintoylargacha siylab, "tag‘in nimani unutdik?" deb turgan burungi kayvonilar bugungisidan nimasi bilan farq qiladi?

"Artistlar ikki "gruppa" bo‘lishi kerak...". Filmda kelinning tog‘asi bu gapni aytgan paytda hali ko‘tarma kranli videostudiya va shokolod iforini pufak qilib sochadigan uskunalar, to‘yxonaning to‘rt tomonidagi to‘y jarayonlarini ko‘rsatib turadigan ulkan monitorlar kashf etilmagan edi. Yoki 10 juft qora "Captiva"dan kortej tuzib, ko‘cha aylanishlar bo‘lmagan. Yoki to‘y oqshomida kelin va kuyov alohida "vals"ga tushishi, ikki-uch soatgina turadigan millionlab so‘mlik sahna bezaklari, "fotosessiya", "videoklip"lar, odam bo‘yi barobar dabdabali albomlaru Hollivud kinolari singari dabdabali disklar bo‘lmagan. Agar bo‘lganida bormi, bugungi yoshlar bundanda boshqacharoq "hunar"larni o‘ylab topisharmidi...