O‘zbekiston | 20:55 / 19.08.2017
51309
7 daqiqa o‘qiladi

«Xorijlik hamkorlarning ishonchi so‘nmoqda». Andijonlik mashhur tadbirkor muammolar bilan to‘qnashdi

Andijonlik Ibrohimjon Saidoxunov ushbu viloyatdagi eng faol tadbirkorlardan. U bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 200 ga yaqin kichik korxonaga dastgohlar va u yerdagi texnologiyalarni joriy qilgan. KUN.UZ tahririyati shu yilning fevral oyida ushbu inson haqida maqola taqdim etgandi. Oradan 7 oy o‘tib, UZMOLREKI – BO‘ZFARM korxonasi rahbari bo‘lgan ushbu tadbirkor bilan uchrashishga qaror qildik va uning hozirgi faoliyati, muammolari yuzasidan suhbatlashdik.

Men uchun eng muhimi - vatanparvarlik

“Vatanparvarlik biz uchun avval – insonlardagi mehr-sahovat, rostgo‘ylik, halollik, qilayotgan ishga mehr hamda ishchilarimiz, xalqimizga qilayotgan sa'y-harakatlaringiz. Kun-u tun bizga o‘xshash tadbirkorlar xalqimiz farovonligi uchun qo‘limizdan kelgancha hissa qo‘shmoqdamiz”, deydi tadbirkor.

Korxonaga nisbatan tergov jarayoni haqida

“Biz tanlagan kasb respublikamizda hozircha yagona. Shuning uchun ba'zi bir mansabdor odamlar buni tushunmaydi yoki ularning ongi hali rivojlanmagan. Bugungi kunda farmatsevtika, kosmetika, meva-sabzavot, oziq-ovqat, neft-kimyo dastgohlari ishlab chiqarishning barcha turlarini yo‘lga qo‘ydik. Hozir eski metallarga qayta ishlov berib, juda ham ko‘p turdagi dastgohlar ishlab chiqarmoqdamiz. Nafaqat yurtimizda, balki Hamdo‘stlik davlatlarida ham bu hunarni biz kabi mukammal egallab, barcha turdagisini o‘rganib chiqib, tatbiq qilinayotgan holat hali yo‘q. Bu jarayonni yuritguncha juda ham katta to‘siqlardan o‘tib kelayapmiz.

Bizga ehtiyot qismlar keltirib beradigan korxonalarning ba'zilar bekilib qoldi, ba'zilari ularni o‘z vaqtida yetkazib bera olmayapti. Shu sababdan ba'zi tadbirkorlar bilan shartnomamiz o‘z vaqtida bajarilmay qolmoqda. Shunda bo‘ladigan oddiy nizolarga, xo‘jalik sudiga chiqib, o‘z murosamizni hal qilib oladigan holatlarga ba'zi davlat xodimlari unumli foydalanishni xohlab, uni shu darajada cho‘zmoqdaki, hatto shikoyat qilgan tadbirkor ham bizga qo‘shilib tergov organida oylab kutayapti. Aslida, u xo‘jalik sudiga chiqsa, bir kunda hal bo‘ladi-da, bizda xato bo‘lsa jarimasini qaytarishni o‘ylaymiz. 

Hamkorlarimizning ishonchi so‘nmoqda

Bir tadbirkor dastgohni bizga buyurtma bergan, u avval Rossiyaga borib, dastgohni sotib olamiz, degan. U yerdagilar esa, yo‘q, biz O‘zbekistonda UZMOLREKI bilan ishlaymiz, shular orqali olsanglar, sizlar bilan muloqot olib boramiz, deyishgan. So‘ng ular bizga kelib, dastgohga buyurtma bergan. Biz patent orqali faoliyat yuritamiz, ya'ni qonuniy ravishda valyutaga chet elga borib dastgohni sotib olib, naqd pulga O‘zbekistonga xususiy holatda olib kiramiz. Hech qachon yashirin yo‘llar bilan dastgoh keltirmaganmiz. Shu holatda tadbirkor shartnomani uch oyda to‘lovini bajara olmagani uchun 9 oyga cho‘zilib ketmoqda. Bunday cho‘zilishga sabab – bu o‘sha tadbirkorning o‘z sabablaridir. Lekin Rossiyadagi hamkorlik bundan norozi bo‘lmoqda, biz ular bilan 20 yil olib borgan faoliyatimizga salbiy ta'sir qilmoqda. Ularning o‘zi ham keyin to‘xtab qolmoqda, ishonchsizlik bildirmoqda va dastgohni, har safar ozgina pulimiz yetmay qolsa ham keyinroq to‘laymiz, deganda jo‘natadigan tadbirkorlar ham 9 oygacha cho‘zilgandan keyin ishonmaydi. Tadbirkor dastgohni olishdan voz kechmoqda va Rossiyadan “pulimizni olib ber”, deb murojaat qilayapti. Biz, mayli, pulni olib berish mumkin-ku, faqat Rossiyaga borish kerak, o‘sha dastgohni faqat o‘sha yerda sotib olish mumkin yoki olib kelib, bu yerda sotish mumkin. Shu holatdagina buni hal qilsak bo‘ladi, desak, u ichki ishlar organlariga murojaat qilib bormoqda. Ichki ishlarda esa bizni katta valyutaga aralashtiribsan, deyapti. 

Aybdor bo‘lib chiqmoqdamiz

Maqsadimiz aslida dastgohni olib kelib, aholini ish bilan ta'minlash, lekin biz bu yerda aybdor bo‘lib chiqayapmiz. O‘sha dastgohdan voz kechgan pulni endi qanday qaytarish holati kelib chiqmoqda. Rossiyadagilar bizning qolgan pulimizni ber, deb u yerda ular do‘q-po‘pisa qilmoqda. Bu yerda esa tadbirkor pul ber, deyapti. Vositachilik qilib, uni olib kirib beramiz, degan biz o‘rtada aybdor bo‘lib qolmoqdamiz va ichki ishlar xodimlari bizni pulni to‘lashga majburlayapti. Shunda ham tadbirkorga pulini qaytib berdik, dastgoh esa Rossiyada qolib ketmoqda. Tadbirkor o‘z sarmoyasini olib ketganidan keyin ichki ishlarga ikkinchi bor shikoyat qilayapti.

Endi bizni prokuraturaga chaqirib, xuddi shu masalada boshqatdan tergov olib bormoqda. U yerda jinoyat alomati yo‘q, deb hujjatni yopib, bizga ruxsat berishdi. 5-6 oydan keyin esa viloyat ichki ishlar boshqarmasi bizni ogohlantirmasdan shu vaqtgacha qurgan zavodlarga borishib, UZMOLREKI’dan nizo bo‘lsa, shikoyat yozib ber, undirib beramiz, deb 3-4tasidan ariza olib turib, jinoiy ish ochdi. Bizning vajlar ko‘rib chiqilganidan so‘ng, oxirida ikkitasi qolayapti. Ular ham bir qadar tushunarsiz.  

Tadbirkorga nima kerak?

Tadbirkorga avval yurtning tinchligi, o‘zi qilayotgan ishiga o‘zganing aralashmasligi, xalaqit bermasligi, vaqtini olmasligi kerak. Agarda tadbirkorni chalg‘itmasa, u o‘z ishini mukammal qilishga erishadi. Tadbirkorga xotirjamlik kerak, deb o‘ylayman. 24 yildan beri tadbirkorlik qilamiz, bu jarayonlardan juda ko‘p o‘tganmiz. Shu kungacha o‘zimiz shug‘ullanayotgan narsani MDH davlatlarida yagona qilishga erishishimizga sabab – kurashishimizdir. Shunga majbur bo‘lmoqdamiz. Mevali daraxtga tosh otiladi, deyishadi-ku. Balki, biz qilmoqchi bo‘lgan ishlarning raqobatchilari bordir, ehtimol kimdir bizga sherik bo‘lib kirmoqchidir. Buni ochiq aytmaydi-da, zimdan harakat qiladi”.

Bugungi tadbirkor ertangi yuzlab bo‘sh ish o‘rnining, farovon jamiyatning garovidir. Masala yuzasidan to‘g‘ri qaror qabul qilinib, barchasi qonuniy ravishda o‘z yechimini topadi, deb umid qilamiz. Mutasaddilarni bu ishga sidqidildan yondashishlarini so‘rab qolamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Mavzuga oid