Kecha bir tanishimni uchratib qoldim.
- Aka, terma jamoamiz nima bo‘larkin?
- Bilmasam, ko‘raylikchi...
- Mabodo koreyslar bilan ochkomiz teng bo‘lib qolsa, kim chiqadi?
- To‘plar nisbatiga qaraladi.
- O‘zaro o‘yinmasmi? Har doim shu savol chiqaveradi, axtarib topolmadim shuni
- Reglamentda bor, kerak bo‘lsa, ko‘rib olsa bo‘ladi. Endi unaqa holatlar kam, bo‘lib qolsa, ma'lum bo‘ladi-ku shundog‘am.
- Ha, shuni yozib qo‘ysa bo‘lmaydimi aniq qilib?
- O‘zi faqat o‘zbekistonliklar oldindan hisob-kitob qiladi, shekilli-da...
Oxirgi javobim qanchalik to‘g‘ri bilmadim-u, ikki muhim o‘yin oldidan mana shunday hisob- kitoblarga ehtiyoj tug‘ildi.
OFKda birinchi marta so‘nggi bosqichda 6talik guruhlarga bo‘lindi. Ilgari bir guruhda besh jamoa ishtirok etardi. Bu vazifamizni osonlashtirdimi yoki yo‘q, hali ma'lum emas, ammo turnir boshlanishi oldidan hamkasblarimiz bilan o‘zimizcha hisob-kitob qilgandik. Bir necha yillardan beri tatbiq qilinayotgan Yevropadagi 6talik guruhlarni tahlil qilib, 2-o‘rinni olish uchun 19-20 ochko olish kerakligiga amin bo‘lgandik.
Ammo guruhimizda yaqqol peshqadamning borligi va hammaga ochko ulashadigan jamoa bo‘lmaganligi ishimizni osonlashtirdi va endi kamroq ochko bilan ham niyatga yetish mumkin.
Xo‘sh, haftaning muhim savoli – biz bu safar jahon chempionatiga chiqishimiz uchun necha ochko yig‘ishimiz kerak?
6 OChKO
Hozirda guruhda 3-o‘rinda borayotgan bo‘lsak-da, keyingi o‘yinlardagi 100 foizlik natija bizni jahon chempionatiga olib chiqadi. Chunki o‘yinlarimizdan biri bizdan oldinda borayotgan Janubiy Koreyaga qarshi kechadi va ular ustidan qozonilgan g‘alaba orqali 2-o‘ringa ko‘tarilib olishimiz mumkin.
Endi boshqa variantlarni ko‘rib chiqish uchun, avvalo, e'tiboringizga 9-tur oldidan musobaqa jadvalini havola qilamiz.

Eron terma jamoasi guruhdagi 1-o‘rinni band qilib qo‘ygan. 2-o‘rin uchun kurash xuddi o‘tgan safargidek, asosan biz va koreyslar o‘rtasida kechadi.










