Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi marta va o‘z odatiga «sodiq holda» jahon chempionati yo‘llanmasidan quruq qoldi. Alam qiladigani — shunday bo‘lishini Samvel Babayan bosh murabbiylik kursisiga mustahkam o‘rnashib olgan paytdayoq aksariyat muxlislar sezgan va o‘z vaqtida norozilik bildirgan edi. Biroq na O‘zbekiston futbol federatsiyasi, na murabbiylar shtabi muxlislar fikrini inobatga oldi.

Janubiy Koreya bilan kechagi mag‘lubiyatga teng durang esa shundoq ham lim-lim to‘lib turgan sabr kosasiga tomgan so‘nggi alam tomchisi bo‘ldi.

Xo‘sh, bundan keyin...

Muxlislar va jurnalistlar fikri, istak-xohishi inobatga olinadimi yoki ularning ustidan kulish, gapini bir tiyinga olmaslik, hattoki haqoratlash (O‘FF xodimi Sherzod Igamberdiyev misolida aytayapman. Bu janob haqiqatni ochiq so‘zlagan qalam ahlini «Facebook» ijtimoiy tarmog‘i orqali «qishloqilar» deb kamsitishgacha bordi. Aslida qishloqi bo‘lishning hech yomon tomoni yo‘q. O‘zbekiston aholisining, adashmasam, 50 foizi qishloq joylarda istiqomat qiladi. Lekin Igamberdiyev deganlari og‘zidan chiqayotgan gap ohangi 138 foiz tahqirlashga yo‘g‘rilgan) holatlari davom etadimi?

Mana, JChga chiqish orzumiz oltinchi marta amalga oshmadi. Shu ketishda bo‘lsa, nasib etsa, yettinchi marta ham ikki barmog‘imizni burnimizga tiqib qolaveramiz. Xo‘sh, biror marta futbol federatsiyasi yoki u tayinlagan qaysidir murabbiy (Mirjalol Qosimovdan tashqari) aybini bo‘yniga olib, xalq oldida, muxlislar oldida, mamlakat oldida uzrxohlik qildimi? (Yuzaki bo‘lsa ham).

Nega futbolimiz mutasaddilari doim suvdan quruq chiqib ketaveradi? Mas'uliyatni bo‘yniga olmaydi yoki hech bo‘lmasa, kimningdir zimmasiga o‘sha javobgarlikni yuklamaydi? Nima uchun million-million dollarlab qilingan xarajatlarning (endi bemalol aytish mumkinki, isrofgarchiliklarning) javobini hech kimdan talab qilmaydi? (Masalan, birgina xorij yig‘inlari uchun qancha pul sarflanadi). Xususan, janob Babayandan? Talab qilgan bo‘lsa, nimaga bu haqda ommaga ikki og‘iz xabar berilmaydi? Nega bizda buncha ko‘p narsalar sir tutiladi? Oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ye, deydi xalqimiz. Nega bizda halol oshni o‘g‘ri mushukka o‘xshab bekitib yeyishadi?..

Nima uchun butun dunyoda futbol muxlislar uchun, bizda esa umuman boshqacha o‘ynaladi?