
«Everton» endi Premer Ligada oddiy dekorativ klub emas. 80-yillardan buyon mamlakat chempioni bo‘la olmagan va so‘nggi o‘n yilda beshinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmagan klubning yozgi transferlar bozoridagi ishlari ko‘pchilikning e'tiborini tortdi. 142.38 million funt ishlatildi – katta (KATTA) farq bilan klub rekordi, ligadagi to‘rtinchi ko‘rsatkich. Faqat Manchester klublari va «Chelsi»da sal ko‘proq xolos.
Ro‘yxat ham yomon emas: Ta'riflashning hojati bo‘lmagan Ueyn Runi, «Ayaks» sardori Deyvi Klassen, iqtidorli darvozabon Jordan Pikford, o‘sha mashhur Islandiya terma jamoasi yetakchisi Gulfi Sigurdsson, terma jamoada o‘ynab ulgurgan markaziy himoyachi Maykl Kin. Erkin agent sifatida o‘tgan Runini hisobga olmaganda, eng arzon transfer 24.3 million funtni tashkil etdi. Bu transferlar bilan «Everton» go‘yoki o‘z maqsadini ma'lum qildi. «Barselona» maktabini ko‘rgan Sandro Ramiresni ham unutmaslik lozim.
DASTLABKI QADAMLAR

«Everton»ni «Manchester Yunayted» darajasidagi top klubga aylantirish ibtidosi 2016 yilning mart oyiga to‘g‘ri keladi. Kelib chiqishi eronlik bo‘lgan ishbilarmon Farhod Moshiri klubning 49.9 foiz aksiyalarini sotib olib, asosiy aksioneriga aylanib oladi. Eski xo‘jayinlar Bill Kenrayt va Jon Vudzda umumiy 21.1 foiz qolgandi xolos.
Bu kelishuv kutilgandi. Bill Kenrayt anchadan beri yuqori ambitsiyalarga ega bo‘lgan investorni kutib yurgandi. Kenrayt 1999 yilda klubning 68% aksiyasini atigi 20 millionga sotib olgan. 2016 yilga kelib esa, 13% aksiyasini sotgan Kenrayt 22.75 millionlik bo‘lib oldi. Ikkinchi katta aksioner amerikalik Robert Erl esa, qo‘lidagi hamma paketni (23%) 40.25 million funtga sotdi. Yana 13% ning puli esa, Jon Vudsga berildi. Jon Vuds oilasi 1892 yilda «Gudison Park»ning birinchi tribunasini qurish uchun 1000 funt qarz berishgan va shu orqali klub aksiyadoriga aylanishgan. Bu hisob-kitoblardan «Everton»ning narxi 175 million funtga baholanganini bilish mumkin.
«Everton»ning sobiq xo‘jayinlarining boshqaruv uslubi o‘zini oqlamadi, deb aytish mumkin. Ular buni tushunib ham yetdilar. Avvaldan. «Everton»ni top klublardan biriga aylantirish rejasi uchun pul yetmagan. Natijada Liverpul klubi liganing eng barqaror o‘rtamiyonalaridan biriga aylanib qoldi. Jamoa bir necha bor Yevropa Ligasida va bir marta Chempionlar Ligasida saralash bosqichida o‘ynadi xolos.
Ayni palladagi boshqa klublar xo‘jayinlari singari Kenrayt va uning sheriklari klubga pul sarflashmadi. Oqibatda, yulduzlarni jamoada ushlab qolishning iloji bo‘lmagan, qilinayotgan sarf-xarajatlar ambitsiyalarga mos kelmasdi. Kenrayt bunday munosabat xato ekanini anglagan zahotiyoq, klubga boyroq, ingliz futboliga begona bo‘lmagan, klubni rivojlantirishga tayyor bo‘lgan nomzod izlay boshladi.







