Jamiyat | 23:10 / 03.10.2017
28077
12 daqiqa o‘qiladi

Mo‘'jizalar izlab Misrdan Iordaniyagacha. Birinchi maqola

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi muassisligidagi «Olam aro» jurnalining navbatdagi sonlari mavzusi muhokama qilinayotgan edi. Bosh muharrir Sevara Alijonova gap orasida ko‘chmanchi arab–beduinlar va Iordaniya Podshohligidagi qadim Petro shahri haqida gapirib qoldi. Sayohat va sarguzashtlarning ashaddiy ishqibozi bo‘lmish kamina uchun shu gapning o‘zi yetarli edi. Men xarita titib, Petroga eng qulay va yaqin yo‘l izladim. Bu Misr orqali yo‘l edi. Elchixonadan viza olishga ketgan 3-4 kunni ham qo‘shganda bir hafta o‘tmay Qohiraga yetib bordim.

Misr sirli, sehrli diyor. Har gal uning shahar-u qishloqlarini hayrat bilan kezaman. Mahalliy kishilar bilan arab qahvasidan ichib, chilim tortib, suhbatlashishning gashti o‘zgacha. Bu yerning tub xalqi tarixda ne-ne azobli kunlarni boshdan kechirmadi, deysiz. Eramizdan avvalgi 3 minginchi yillarda fir'avnlar kuch-qudratga to‘lib, 80-100 ming odamni ishlatib, dunyoning eng uzun va sersuv daryosi bo‘yidagi Giza vodiysida birin–ketin piramidalar qura boshladilar. Ular o‘sha davrda ham, hozirda ham mahobati ila inson aql-u zakovati, qudratiga qo‘yilgan mangu haykal bo‘lib turibdi.

Piramida aslida fir'avn uchun xilxonadir. Fir'avnlar bu yorug‘ olamdan ko‘z yumgach, juda katta boylik – oltin qoplangan xonalar, mo‘miyolangan tanasi solinadigan sarkofag va yaxlit oltin yombidan yasalgan niqob, behissob zebu – ziynatlar qo‘shib dafn etilgan. Ularning aqidasiga ko‘ra, vaqti kelib fir'avn tiriladi va yana hukmronlikni davom ettiradi. Odatda fir'avn xilxonasini piramidani qurgan sanoqli usta va uning eng sodiq mulozimlari bilgan hamda ularning barchasi dafndan so‘ng ixtiyoriy o‘limga mahkum edi. Fir'avn uchun jon fido qilmoqlik u bilan yana dunyoga qayta kelish kafolati deb inonar edi ular.

Olimlar Misr piramidalari fir'avnlarning to‘rtinchi avlodi davrida, eramizdan avvalgi 2639-2506 yillarda bunyod etilgan deb hisoblashadi. Hozirgacha fir'avnlar Xeops, Xefren, Mikeran bunyod etgan piramidalar o‘z davrining salobatini saqlagan holda sayyohlarni hayratga solib kelmoqda.

Tarix salkam 5 ming yilning so‘nggi uch – uch yarim ming yilida misrliklarni ne ko‘yga solmadi, deysiz. Osiyo, Ovro‘pada kuch – quvvatga  kirgan sarkarda borki, hammasi bu yurtga qilich ko‘tarib keldi. Maqsad – fir'avn boyliklariga  egalik qilish bo‘lgan. Lekin ularning hech biriga tarix kulib boqmadi. Iskandar Zulqaynarn (Makedonskiy) gina omadsiz safardan qaytayotib, O‘rta Yer dengizi sohilida hozirgi Aleksandriya deb ataluvchi shaharga asos solib ketdi. Rim imperatorlaridan fransuz Banopart Napoleongacha, Misrda 150 yil davomida hukmronlik qilgan turk usmoniylaridan ingliz bosqinchilarigacha hech biri fir'avnlar sirini, tabiiyki behisob oltin, duru-gavharlarni topa olmay armonda qoldi.

Ilm – xazina kaliti deb olimlar, arxeologlar taxmin va kashfiyotlari olamshumul yangilikka darcha ochgach aytilgan bo‘lsa ajab emas. XIX-XX asrlar davomida Misr xazinalarining siri oshkor bo‘la boshladi. Xeops, Tutanxamon, Ramzes II va yana o‘nlab fir'avnlar xilxonalari topildi. Darhaqiqat, ularning mo‘miyolangan jasadlariga behisob boylik qo‘shib dafn etilgani isbotlandi. Bugun bu noyob xazinalar va mo‘miyolangan jasadlar Qohira muzeyida turibdi. Har gal ular qarshisida insoniy imkoniyatning cheki yo‘qligiga takror iymon keltiraman. Mana bu eramizdan avvalgi XXV asrda xukmronlik qilgan Ramzes II ning mo‘miyolangan jasadi. Bir  paytlar bir necha yuz ming askarga qo‘mondonlik qilgan. O‘zi esa yengilmas, sheryurak lashkarboshi deb nom chiqargan. Bepoyon qumliklarda jilvagar zarrachalarni elatib yiqqan va oltin yombilardan taxt-u ravon, ot arava, kamon, shaxsiy qurol aslaha, hatto yotoq jihozlari yasatgan, dunyoda mendan qudratli inson yo‘q deb o‘ylagan fir'avnning bir parcha matoga o‘ralgan mo‘miyolangan tanasi, yumuq ko‘z kosalari, qirrador burni, taram–taram sochlari, uzun–uzun barmoqlari, sadafdek tishlari hamon qalblarga qo‘rquv soladi.

Qohira muzeyi zallarida saqlanayotgan har bir eksponat oldida bir daqiqadan tursangiz, rosa 7 yil vaqt kerak bo‘lar ekan. Shuning uchun, men avval ko‘ra olmaganim zallar tomon yo‘l olaman. Yaxlit qora, oq, qizg‘ich va zarrin jiloli toshlardan ishlangan Amenxotep II ning bir necha haykali bir yerga jamlangan. Mana bu – fir'avnning 18 metrli haykali, xotini Meretseger bilan birgalikda taxtda o‘tirgan holatida yasalgan. Meretseger o‘ng qo‘lini fir'avn ortiga yashirgan. Bu uning Amenxotepga cheksiz muhabbati ramzi, deb izohlanadi. Qiziq, zamonlar, ming yilliklar kitob sahifasidek o‘tib ketaveradi. Ammo insoniy tuyg‘u – mehr, muhabbat abadiy qolaverar ekan. Shu yodgorlik qarshisida har bir inson o‘z yori, sevgilisini sog‘inch bilan yodga olsa kerak.

Men bu gal hozirgi iborada rangtasvir deb atalayotgan, fir'avnlar davrida esa qush, hayvonlar, gul va o‘simliklar tasviri bilan olamni tarixga muhrlagan tosh lavhalar zalida qolib ketdim. (Bu haqda alohida maqolada o‘qiysiz)

Qohirada o‘zbekistonliklar uchun ham qadrli bo‘lgan yana bir ziyoratgoh bor. Bu – buyuk vatandoshimiz 861 yili ixtiro qilgan Miqyosi Nil majmuasi va uning ijodkori Ahmad al-Farg‘oniyga 2007 yilda qo‘yilgan haykaldir.

Nil dunyoning eng uzun (6853 km) daryolaridan biri. U Efiopiya, Sudan xududidan o‘tib janubiy Misrning Assuvon vodiysiga kirib keladi va mamlakat shimolida, deltalarga bo‘linib O‘rta Yer dengiziga quyiladi. Qadim – qadimdan uni boshqarish qiyin bo‘lgan, ya'ni bir yil yog‘ingarchilik miqdori tufayli to‘lib toshsa, kelgusi yili suv sathi keskin pasaygan. Misr hududining daryo qirg‘oqlaridagi atigi olti foizidagina dehqonchilik qilish mumkin. Sababi Nil daryosidan ekin maydoniga suv olib borish qiyinligida bo‘lgan. Daryoda suv sathi ko‘tarilsa, unga  yaqin maydonlar suv ostida qolgan, suv sathi pasayib ketsa, qirg‘oqdan uzoqroqdagi dalalarda qurg‘oqchilik bo‘lgan. Har ikki holat ham hosildorlikka keskin ta'sir ko‘rsatgan. Lekin soliq miqdori baribir yer maydonining qanchaligiga  qarab belgilangan. Ahmad al-Farg‘oniy soliq tizimidagi bu nohaqlikni ko‘rib, Miqyosi Nil uskunasini yaratadi. Unga ko‘ra, daryo suvi sathi balandligi va dehqonchilik qilinayotgan maydon daryoga nisbatan qancha uzoq–yaqinlikda ekaniga qarab yer solig‘i miqdorini belgilash tizimini ishlab chiqdi.

  • Ahmad al-Farg‘oniy Misrda ming yildan ziyod vaqt ichida soliq tizimida adolat tarozisini ushlab turdi, - degan edi misrlik mashhur olim, Qohira Universiteti professori Fotih Ahmad uchrashuvlarimizning birida.

Miqyosi Nil daryoni ikkiga bo‘ladigan Roud oroli “burni”da joylashgan. Ichkariga kiramiz. Yog‘ochdan ishlangan qubbasimon shiftga jilolanib turuvchi nozik chizgilarda naqshlar ishlangan. O‘rtada yaxlit marmar toshdan yasalgan, pastdan yuqoriga sath chiziqlari o‘yib tushirilgan o‘lchagich. Uch balandlikda suv kirib chiqadigan tosh darchalar ochilgan. Uning yon tomonida yana yaxlit toshdan yasalgan spiralsimon zinalar. Oradan o‘n ikki asr o‘tibdiki, Miqyosi Nil ishchi holatda. Darvoqe, undan 20 asrning 60-yillarigacha, Misrda Assuvon suv ombori va to‘g‘oni qurilguncha, ya'ni Nil sathini boshqarish imkoniyati yaratilguncha foydalanishgan.

Hovlida buyuk olimga 2007 yilda qo‘yilgan haykal. Uning qarshisida ehtirom bildirib, poyiga gul qo‘ydim. Buyuk insonlar umumbashariy qadriyatlar yaratadi, deyiladi. Koinot ilmining asoschisi Ahmad al-Farg‘oniy ana shunday insonlardan biridir.

- Qohirada vatandoshingizga qo‘yilgan haykal shubhasiz, Misr xalqining unga bo‘lgan cheksiz muhabbati izhoridir,-deydi hamrohim, tarixchi olim va tarjimon Azad.

Bugungi Qohira xotirjamligini yo‘qotgan shaharga aylangan. Hamma qayergadir shoshadi. Odamlarida tashvishli nigoh.

- 20 million kishi yashaydigan shahrimizga bir yilda o‘n milliondan ziyod sayyoh kelar edi. Aholining asosiy qismi turizm tizimida ishlar va tirikchilik qilardi. Mamlakatdagi notinchlik, ketma–ket inqiloblar tufayli sayyohlar oqimi keskin kamaydi. Bu millionlab misrliklarning moliyaviy sharoitini qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Odamlar buguni, bir kuni qanday o‘tishi tashvishi bilan yashaydigan bo‘lib qoldi, - deydi Azad. Hamisha gavjum Piramida, Sfinks atrofida ahyon–ahyonda sayyohlar guruhini ko‘rasiz. Ilgari sayr qildiradigan ot arava, oq tuyalar uchun navbatda turardik. Endi bir sayyoh ketidan 4-5ta ot arava va oq tuyalar lo‘ka–lo‘k. Men xizmat qilay deb elanadi.

Nil daryosi bo‘yidagi sayyohlik kemalar turargohi yopilgan. 2-3 qavatli palubalari sayyohlar bilan to‘ladigan kemalar daryo bo‘yida zanjirband, zanglab yotibdi. Qohiraning palma va ko‘plab manzarali daraxtlar, gulzorlar bilan bezatilgan ko‘chalarini bugun tanimaysiz. Hamma yerda chiqindi. Havo buruqsigan, nafas olish qiyin. Chang osmonga chiqadi. Har qadamda tilanchi. Papirus qog‘ozga fir'avn va piramida ko‘rinishlari chizilgan esdalik sovg‘alarini ko‘targan sotuvchilar ortingizdan qolmaydi.

- Qornim och, o‘ntasini sotib ol!

Uning iltijoli va dardman ko‘zlariga dosh berolmay pul uzataman. Buni ko‘rgan suvenir sotuvchilaridan ikki nafari mashina yo‘lini to‘sib oladi.

- Mana bu Tutanxomon. Bunisi Sfinks. Yog‘ochdan ishlangan. Ikkisiga 50 funt (2,8 dollar) ber!

Noiloj uni ham sotib olaman.

Ha, Qohira so‘nggi yillarda, aniqrog‘i Husni Muborakdan so‘ng fayzsiz, istarasiz shaharga aylanib qolibdi. To‘rt ming yildan buyon savlat to‘kib turgan piramidalar, ularni dushmandan “himoya” qilib kelgan Sfinks ham mung‘ayib qolganga o‘xshardi...

Muhammadjon Obidov
Toshkent – Qohira

Mavzuga oid