O‘zbekiston | 18:30 / 03.10.2017
7705
3 daqiqa o‘qiladi

"Rostex" O‘zbekiston bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytiradi

Foto: The Insider

Rossiya O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyatidagi o‘zgarishlarni katta qoniqish bilan qabul qilmoqda. "Rostex" davlat korporatsiyasi va uning sho‘'ba korxonalari yuqori texnologik faoliyat doirasida O‘zbekiston bilan hamkorlik imkoniyatlarini oshirish tarafdori. 3 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Rossiya biznes-forumida "Rostex" rahbari o‘rinbosari Dmitriy Lelikov shunday bayonot bilan chiqdi. Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi. 

"Ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga start berish sifatida "Rostex" va O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar va investitsiyalar vazirligi tomonidan o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjatlarga muvofiq, biz avtomobilsozlik, farmatsevtika, tibbiy texnika va uskunalar, suvsozlik, temir yo‘l transporti, havo harakati boshqaruvi va aeroport xavfsizligi, energetika va vertolyotsozlik sohasida faoliyat yurituvchi manfaatdor o‘zbek tashkilotlari bilan uzoq samarali hamkorlik o‘rnatishga umid qilamiz. 

Shuningdek, "Rostex"ning qo‘shma loyihasi orqali mamlakatlarimiz o‘rtasida aviaqatnovlarni qayta tiklashni rejalashtirganmiz. Bizning Moskva viloyatidagi "Jukovskiy" xalqaro aeroportimiz va bir necha aksionerlik jamiyatimiz o‘zbek hamkasblari bilan faol hamkorlikka kirishishdi. Bugunga kelib, Rossiyaning KAMAZ, AvtoVAZ kompaniyalari muzokaralarni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, "Shvabe", "Rossiya vertolyotlari" kabi qator kompaniyalarning ham salohiyati katta", - deydi "Rostex" vakili. 

Bundan tashqari, O‘zbekistonda "Rostex" korporatsiyasining doimiy vakolatxonasi borligi va u ikki mamlakat hamda kompaniyalar o‘rtasidagi tashqi iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga faol ko‘maklashib kelayotgani ta'kidlandi.

"Rostex" rahbar o‘rinbosarining ma'lum qilishicha, bugun respublikaga ham korporatsiya xodimlari, ham uning sho‘'ba korxonalari vakillari tashrif buyurishgan va ular o‘zbek kontragentlari bilan muzokaralar olib borishmoqda. Shu munosabat bilan "Rostex" vakili O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati hamda Tashqi savdo vazirligiga korporatsiya bilan qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi va Rossiya har qanday ko‘rinishdagi hamkorlik uchun ochiq ekanini ta'kidladi. 

Mavzuga oid