Jamiyat | 21:45 / 04.10.2017
16247
6 daqiqa o‘qiladi

Hullai hunardan so‘z

«Esimda o‘sha damlar, o‘zi uchar gilamlar»... — bu bir doston, davomi uzoq. Biroq shu satrlarni eslarkanman, bulutlar oralab suzib borayotgan qip-qizil munaqqash gilam beixtiyor ko‘z oldimga keladi. Bezaklari o‘ziga zap yarashib tushgan, popuklari shamolda ohista tebranib-tebranib borayotgan gilam. U ertak-dostondagi bir detal bo‘lishdan tashqari, xalq amaliy san'atining go‘zal namunasi o‘laroq ko‘z o‘ngimda jilvalanadi. O‘ylayman: xalq amaliy san'ati, hunarmandchiligi shu qadar turfarang va keng bir sohaki, agar bu namunalarning barini, shuningdek, ularni yaratgan ustalar haqidagi ma'lumotlarni ham o‘zida jamlagan bir kitob bo‘lsa-yu, o‘qisang, bilsang, o‘rgansang, to‘la tasavvur hosil qilsang.

Biroq o‘ylarim qumga sepilgan suv emas, bunday kitob bor. Bunday kitob allaqachon «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti tomonidan chop etildi: «O‘zbekiston hunarmandchiligi va amaliy san'ati» ensiklopediyasi.

Mamlakatimizda xalqimiz ma'naviy qadriyatlariga hurmat-ehtirom bilan munosabatda bo‘lish, ularni asrab-avaylash va rivojlantirish, muqaddas dinimiz, urf-odatlarimiz, bebaho tarixiy merosimizni tiklashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov «Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch» asarida: «...shu yurtda yashayotgan har qaysi inson o‘zligini anglashi, qadimiy tariximiz va boy madaniyatimiz, ulug‘ ajdodlarimizning merosini chuqurroq o‘zlashtirishi, bugungi tez o‘zgarayotgan hayot voqeligiga ongli qarab, mustaqil fikrlashi va diyorimizdagi barcha o‘zgarishlarga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashi zarur», degan edi.

Darhaqiqat, Markaziy Osiyo san'ati qadimiyligi, o‘ziga xosligi bilan dunyoga mashhur. Ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan betakror, teran mazmunli, yuksak badiiy qiymatga ega madaniy yodgorliklar, xususan, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Toshkent, Shahrisabz, Farg‘ona va yurtimizning boshqa shaharlaridagi tarixiy obidalar, xalq amaliy san'ati namunalari xalqimizning buyuk o‘tmishidan hikoya qiluvchi jahon madaniyatining noyob durdonalari safidan joy olgan. Bu zaminda qad ko‘targan obidalar va tuproq osti qatlamlaridan topilayotgan osori atiqalar xalqimizning boy madaniy o‘tmishidan darak beradi.

Xalqimizning asrlar bo‘yi qilgan ijodiy mehnati natijasida yaratilgan va yaratilayotgan o‘zbek xalq hunarmandchiligi va amaliy san'atini ko‘z qorachig‘idek asrash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish, yoshlarga o‘rgatish orqali ularning estetik didini o‘stirish hamda yuksak madaniyatli kishilar qilib tarbiyalash hozirgi davrning muhim vazifalaridan biriga aylandi. O‘zbekiston hunarmandchiligi va amaliy san'atiga oid ma'lumotlar ma'naviy madaniyatning tarkibiy qismi bo‘lgan badiiy madaniyatni targ‘ib etish, shaxs uchun muhim bo‘lgan qator sifatlarni rivojlantirish, shuningdek, o‘quvchilarni milliy merosimiz hamda umuminsoniy qadriyatlar bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi.

«O‘zbekiston hunarmandchiligi va amaliy san'ati» ensiklopediyasi Vazirlar Mahkamasining 2015–17 yillarga mo‘ljallangan amaliy tadqiqotlar davlat ilmiy-texnika dasturi doirasidagi A-1-30 raqamli «Milliy timsollar va ramzlar ensiklopediyasini nashrga tayyorlash» mavzusidagi loyihasi asosida chop etildi.

Ikki jildlik «O‘zbekiston hunarmandchiligi va amaliy san'ati» ensiklopediyasida o‘zbek xalq amaliy san'ati, tarixi va nazariyasi, milliy hunarmandchilik turlari, amaliy san'at ustalari, hunarmandlarning hayoti va ijodi haqidagi ma'lumotlarni atroflicha jamlashga harakat qilindi. Mazkur ensiklopediya xronologik jihatdan O‘zbekiston hududida paydo bo‘lgan ibtidoiy davr madaniyatidan boshlab, hozirgi davrgacha bo‘lgan xalq hunarmandchiligi va san'atini ifodalovchi maqolalar bilan boyitildi. Bunda amaliy san'at, xalq hunarmandchiligi, qisman tasviriy san'at hamda me'morchilik tarixi, ulardagi texnika, ashyolar texnologiyasiga oid qimmatli ma'lumotlar mavjud.

Ensiklopediyaga mingdan ortiq hunarmand-usta kiritildi. Jumladan, qadimda yashab o‘z maktablarini yaratgan, tarixiy obidalarni qurish va ta'mirlashda ishtirok etgan, O‘zbekiston mustaqilligi davrida ijod qilgan, Prezident sovrini uchun o‘tkaziladigan «Tashabbus» ko‘rik-tanlovi, xalqaro ko‘rgazmalar, «Mustaqil yurt hunarmandlari» an'anaviy hunarmandchilik mahsulotlarining respublika ko‘rgazmalarida va boshqa nufuzli tanlovlarda ishtirok etgan, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan hunarmandlar ensiklopediyadan joy oldi.

Ushbu kitob atamalarni tushunishdagi har xillikka barham beribgina qolmay, xalq ustalarining yutuqlari bilan o‘quvchilarni tanishtirishda, yoshlarning o‘zbek xalq amaliy san'atini mustaqil o‘rganishida muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma'naviy  hayotida erishilgan yutuqlarni, xalqimizning ko‘p asrlik boy tarixi, qadriyatlari, o‘zbek tilining keng imkoniyatlarini  atroflicha  ilmiy aks ettiruvchi, uni dunyoga tanituvchi asosiy manba bo‘lib xizmat qilishini o‘ylab, mazkur ensiklopediyaning qo‘limizda turgan ikkala jildini varaqlarkan, ich-ichdan quvonamiz.

Kitob rang-barang suratlar bilan boyitilgan bo‘lib, supermuqovada, ikki ming nusxada chop etildi.

Darvoqe, sarlavhaga chiqarganimiz «hulla» degan so‘zni izohlasak: hulla – nafis va go‘zal matoning nomi; u ham hunarmandlar qo‘lida ko‘z oluvchi ajib san'at namunasiga aylanadi. Bunday matolar, bezaklar, naqshlar, liboslar, sinch, shift, gumbazlar bezaklari, usullar, ustayu ustazodalar, sulolalar... juda ko‘p, ular haqida kitobdan o‘zingiz o‘qib bilganingiz durust.

Mansur Jumayev,
«O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti ilmiy muharriri.

Mavzuga oid