Sport | 20:30 / 05.10.2017
44958
11 daqiqa o‘qiladi

Argentinada muammolar. Messi Jahon chempionatiga bormaydimi?

Foto: Kommersant'

Bugun 2018 yilgi jahon chempionati uchun saralash o‘yinlari doirasida oxirgi turlarga start beriladi.

Ayni vaqtga kelib mundialda qatnashishi aniq bo‘lgan 8 terma jamoa bor. Mezbon Rossiyadan tashqari, Braziliya, Belgiya, Eron, Janubiy Koreya, Meksika, Saudiya Arabistoni va Yaponiya muxlislarini xotirjam qilishgan.

Argentina, Chili, Niderlandiya, Uels, Shvetsiya, AQSh kabi turnirning doimiy ishtirokchilarida esa vaziyat juda jiddiy.

«Tribuna» bu bosqichdagi asosiy intrigalarni ko‘rib chiqadi.

Yevropada ikkinchi o‘rin egalari orasida kim ortiqcha?

UYeFA kvalifikatsiya qoidalariga ko‘ra, saralash bosqichidagi 9ta guruhda ikkinchi o‘rinni egallagan terma jamoalarning 8tasiga ikkinchi imkoniyat beriladi. Guruhlarda ikkinchi o‘rinlarni egallagan terma jamoalardan 8tasi o‘zaro o‘tish o‘yinlarida qatnashadi, eng yomon natija qayd etgan to‘qqizinchi terma jamoada bunday imkoniyat bo‘lmaydi.

Hozirda eng yomon ikkinchi o‘rin egasi Uels terma jamoasi bo‘lib turibdi. Garet Beyl jamoadoshlari D guruhida 6 o‘yindan 8 ochko olgan, H guruhi vakili bosniyaliklarda ham shuncha ochko bor, ammo to‘plar nisbati sharqiy yevropaliklarda yaxshiroq. Shvetsiya va Chernogoriya ham oldinga chiqib keta olmagan, bu ikki terma jamoada 10tadan ochko bor.

1. Portugaliya – 15
2. Shimoliy Irlandiya – 13
3. Italiya – 13
4. Islandiya – 13
5. Slovakiya – 12
6. Shvetsiya – 10
7. Chernogoriya – 10
8. Bosniya va Gertsegovina – 8
9. Uels – 8

E'tiborli tomoni shvedlar va chernogoriyaliklarda keyingi turlar uelsliklar hamda bosniyaliklarnikiga qaraganda qiyinroq raqiblarga qarshi o‘ynaydi.

(Reglamentga ko‘ra, so‘nggi o‘rindagi terma jamoa bilan o‘yinlardagi ochkolar minus qilingan, shuningdek, konkursdan tashqari ishtirok etayotgan Kosovo bilan o‘yinlardagi natijalar hisoblanmaydi)

A guruhi: Shvetsiya – Lyuksemburg, Niderlandiya – Shvetsiya (Shvedlar birinchi o‘yinni yutib, ikkinchi o‘yinda Niderlandiyadan yengilsa, jahon chempionatiga bora olmaydi, niderlandlar esa o‘tish o‘yinlarida qatnashishi mumkin);

D guruhi: Gurjiston – Uels, Uels – Irlandiya (uelsliklar reytingi yuqoriroq jamoa, ularda to‘plar nisbatini yaxshilab olish imkoni mavjud. Uelsliklar ikki o‘yinda ham g‘alaba qozonsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ham ega chiqishi mumkin);

E guruhi: Chernogoriya – Daniya, Polsha – Chernogoriya (Bu uch terma jamoa ham ikkinchi o‘rin uchun da'vogar, ularning har biriga ochko kerak);

H guruhi: Bosniya – Belgiya, Estoniya – Bosniya (belgiyaliklar jahon chempionati yo‘llanmasini hal qilib bo‘lgan, estonlar juda kuchsiz o‘yin ko‘rsatmoqda, faqat Gibraltar mag‘lub etilgan).

JCh saralash. Yevropa. So‘nggi janglar oldidan guruhlardagi vaziyat haqida

Kiyevda nima bo‘ladi?

9 oktabr kuni Kiyevdagi «Olimpiyskiy» stadionida Ukraina va Xorvatiya o‘ynaydi. Bu jamoalar ayni vaqtda guruhda to‘rtinchi va birinchi o‘rinlarda joylashgan.
1. Xorvatiya – 16
2. Islandiya – 16
3. Turkiya – 14
4. Ukraina – 14…

Ukrainlarda ikkinchi o‘rinni egallash va o‘tish o‘yinlariga o‘tish imkoniyati saqlanib qolgan.

6 oktabr. Xorvatiya – Finlyandiya, Kosovo – Ukraina, Turkiya – Islandiya

9 oktabr. Finlyandiya – Turkiya, Islandiya – Kosovo, Ukraina – Xorvatiya

Ikki uchrashuvda ham g‘alaba qozonib, Ukraina guruh yetakchisiga aylanishi ham, islandlardan keyin ikkinchi o‘rinda qolishi ham mumkin. Birinchi holda Ukraina Rossiyada o‘tadigan JCh-2018 turniriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oladi. Ammo Ukraina hukumati hali bu borada yakuniy qaror qabul qilmagan.

Lukaku va Levandovski Ronalduni quvib yeta oladimi?

Ayni vaqtda JCh saralashining Yevropa bosqichida to‘purarlar ro‘yxati quyidagicha ko‘rinishda:

Krishtianu Ronaldu (Portugaliya) – 14 gol
Robert Levandovski (Polsha) – 12 gol
Romelu Lukaku (Belgiya) – 10 gol

Yana ikki futbolchi 7tadan, uch nafar futbolchi 6tadan gol urgan.

Lukakuda ushbu ro‘yxatda birinchi o‘ringa ko‘tarilish uchun real imkoniyatlar bor. Uning terma jamoasi turnir yo‘llanmasini hal qilib bo‘lgan va murabbiylar shtabi futbolchini erkin qo‘yishi mumkin. Romelu Bosniya va Kiprga qarshi o‘yinlarda to‘purarlik qobiliyatini namoyon etishi kerak.

Levandovskidagi vaziyat ham qiziqarli. Polyaklar Yerevanga g‘alaba uchun borishadi,  Robert bu o‘yinda ham Varshavadagi kabi g‘alaba goli muallifi bo‘lishi mumkin. Keyin Chernogoriyaga qarshi o‘yinda Levandovskida imkoniyatlar bo‘ladi.

Ronaldu Andorra va Shveytsariyaga qarshi o‘yinlarda maydonga chiqishi aniq va unda gollar urish uchun imkoniyatlar yaxshi.

Chililiklar mo‘'jiza ko‘rsata oladimi? Argentina ham jar yoqasida.

Janubiy Amerikada kvalifikatsiya bosqichi sensatsiya taqdim etishi mumkin. Amerika Kubogi g‘oliblari va Konfederatsiyalar Kubogi finalchisi bo‘lmish Chili terma jamoasi Rossiyaga kelmasligi mumkin. Hozircha bu mintaqada faqat braziliyaliklar yo‘llanmani naqd qilishgan, faqat Boliviya va Venesuela yo‘llanmadan umid uzib bo‘lgan. Reglamentga ko‘ra, 2018 yilgi jahon chempionatiga ushbu mintaqadan faqat 4 terma jamoa yo‘l oladi, beshinchi vakil Yangi Zelandiyaga qarshi o‘tish o‘yinida ishtirok etadi.

Lionel Messi boshchiligidagi Argentina ham turnirdan qolib ketishi mumkin.
Argentinaliklar ayni vaqtda guruhda beshinchi o‘rinda joylashib turibdi. Keyingi turda Peru qabul qilinadi, ayni vaqtda bu terma jamoa to‘rtinchi o‘rinda va 1982 yildan buyon ilk marta JChga chiqish uchun harakat qilmoqda, oxirgi tur esa Ekvadorga qarshi safarda o‘tadi, bu terma jamoa ham mundial yo‘llanmasidan umid uzmagan.

1. Braziliya – 37
2. Urugvay – 27
3. Kolumbiya – 26
4. Peru – 24
5. Argentina – 24
6. Chili – 23
7. Paragvay – 21
8. Ekvador – 20…

99 foizlik ehtimol bilan Urugvay ikkinchi o‘rinda qoladi, bu terma jamoa keyingi turlarni guruhning ikki autsayderiga qarshi o‘tkazadi. Boshqa terma jamoalar bilan esa har qanday vaziyat sodir bo‘lishi mumkin. Oltinchi o‘rindagi Chilining esa taqdiri o‘ziga bog‘liq emas. Chili beshinchi o‘rin uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibi Ekvador bilan (Chilida 23, Ekvadorda 20 ochko, ekvadorliklar birinchi o‘yinda 3:0 hisobida g‘alaba qozongan) uyda o‘ynaydi va oxirgi turda Braziliyaga boradi. Braziliyaliklarga ochko kerak emas, ammo ular o‘z muxlislari qarshisida o‘zlarini ko‘rsatishlari kerak, qolaversa saralash o‘yinlarida braziliyaliklar faqat bir marta mag‘lub bo‘ldi – Chiliga qarshi safar o‘yinida. Qarzni qaytarish kerak.

Guruhning asosiy o‘yinlari:
5 oktabr. Chili – Ekvador, Kolumbiya – Paragvay, Argentina – Peru;
10 oktabr. Braziliya – Chili, Ekvador – Argentina, Peru – Kolumbiya.

Chili beshinchi o‘rinni egallasa, Peruni o‘zaro uchrashuvlardagi ustunlik evaziga ortda qoldirishi mumkin. Paragvay va Ekvadorda jahon chempionatiga chiqish uchun imkoniyat juda kam.


Misr jahon chempionatiga qaytadimi?

Amalda bu ritorik savol. Misrliklar o‘z guruhida yetakchi, bu turda autsayder Kongoni yengish kifoya (kongoliklar 4 o‘yindan keyin 1 ochko olgan).

Bu jamoa mag‘lub etilgach, tarixiy voqea nishonlanishi mumkin. Misr jahon chempionatida qatnashgan ilk Afrika terma jamoasi bo‘lgan (1934 yilda) bo‘lsada, keyingi vaqt davomida turnirga faqat bir marta yo‘llanma olgan. Bunga esa 27 yil bo‘ldi. Misr keyingi o‘n yilliklarda kuchsizlangani yo‘q – 7 marta Afrika chempioni bo‘ldi, terma jamoa Olimpiya o‘yinlarida 9 marta ishtirok etgan. Ammo har safar omadsizlik tufayli misrliklar jahon chempionatidan qolib ketaverishgan.

Suriya oxirgi bosqichga yetib bora oladimi?

Ko‘pchilik Suriyani bir oy oldinoq haqiqiy ertak yaratgani haqida yoza boshlagandi. Suriyaliklar Eronga qarshi o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda iroda ko‘rsatib hisobni tenglashtirgandi – 2:2. Bu ochko tufayli ular O‘zbekistonni ortda qoldirib, to‘rtinchi bosqichga o‘tishdi. Bu bosqichda narigi guruhning uchinchi vakili Avstraliyaga duch kelindi. Bu terma jamoalarning biroz oldinroq yakunlangan birinchi o‘yinida kuchlar teng keldi. 10 oktabr kuni Sidneyda javob uchrashuvi o‘tkaziladi va suriyaliklar bu uchrashuvda ham natijaga erisha olishsa, beshinchi bosqichga o‘tishadi. Bu bosqichda Osiyo jamoasini KONKAKAFning to‘rtinchi vakili kutadi. Ayni vaqtda bu mintaqada to‘rtinchi o‘rinni AQSh egallab turibdi.

Panama amerikaliklarni dog‘da qoldira oladimi?

Gap Qo‘shma Shtatlar haqida ketmoqda. JCh-2018 turniriga yo‘llanma olish hamon amerikaliklarning o‘z qo‘lida turibdi. AQSh Panamaga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonsa, o‘zidan bir ochko ko‘p to‘plagan holda uchinchi o‘rinda joylashib turgan jamoani ortda qoldirishi mumkin, oxirgi turda esa kuchsiz Trinidad va Tobagoga safar qilinadi.

Nazariy jihatdan Honduras ham yo‘llanma uchun kurashni davom ettiradi, bu terma jamoa AQSh bilan bir xilda ochko to‘plagan. Ammo hondurasliklar keyingi o‘yinlarni guruh yetakchilari Kosta-Rika va Meksikaga qarshi o‘tkazadi. Bu o‘yinlarda ularning imkoniyatlari nolga teng.

AQSh jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olishi, Panama esa Avstraliya bilan o‘ynashi haqiqatga yaqin.

Mavzuga oid