O‘zbekiston | 14:55 / 06.10.2017
41941
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston TIV Vladimirdagi fojiada halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soniga aniqlik kiritdi

Foto: Vladimir viloyati politsiyasi

O‘zbekiston Respublikasining Moskva shahridagi Elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra 2017 yil 6 oktabr kuni mahalliy vaqt bilan sahar soat 04:00 atrofida Rossiyaning Vladimir viloyati Pokrov tumanida poyezd va avtobus ishtirokidagi yo‘l transport hodisasi natijasida O‘zbekistonning 19 nafar fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Rossiya FVV ma'lumotiga ko‘ra, avtobusda 58 kishi bo‘lgan, ulardan 2 nafar haydovchi Qozog‘iston fuqarosi, qolgan 56 kishi O‘zbekiston fuqarosi.

Vafot etganlar to‘g‘risidagi ma'lumotni aniqlash va jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi Elchisi Bahrom Ashrafxanov boshchiligidagi Elchixona xodimlari guruhi Vladimir viloyatiga jo‘natilgan.

«Mamlakatimiz Hukumati qaroriga ko‘ra yordam ko‘rsatish va jabrlanganlarni olib ketish uchun Vladimir viloyatiga maxsus samolyot va mutaxassislar yuborilmoqda.

YTH natijasida halok bo‘lgan va jarohatlangan O‘zbekiston fuqarolari haqidagi ma'lumot aniqlanmoqda», deyilgan xabarda.

Bundan oldinroq O‘zbekiston FVV Vladimirdagi hodisa oqibatida 18 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgani haqida ma'lumot bergandi.

Mavzuga oid

E`lonlar