Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 oktabrdagi qarori bilan ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati bo‘linmalari tomonidan fuqarolar gavjum bo‘ladigan joylarda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash borasidagi xizmatlarni shartnomaviy-huquqiy asosda amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.

Qayd etilishicha, bozorlar, yirik savdo, ko‘ngilochar, dam olish majmualari va markazlari hamda fuqarolar gavjum bo‘ladigan boshqa joylarda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash borasidagi tadbirlar shartnomaviy-huquqiy asosda ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati bo‘linmalari tomonidan mazkur joylarda faoliyat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar bilan tuziladigan shartnomalarga muvofiq pullik asosda amalga oshiriladi.

Jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzish uchun yuridik shaxs tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (bo‘limi)ga ariza bilan murojaat qiladi. Arizada yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, fuqarolar gavjum bo‘ladigan joyning nomi, manzili, bino va inshootlar hamda atrofidagi hududning sxemasi ilova qilingan holda ko‘rsatiladi.

Shartnoma tuzish to‘g‘risidagi ariza tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasining (bo‘limining) jamoat tartibini saqlash bo‘yicha (bo‘linmasi, guruhi) tomonidan ariza kelib tushgan kundan boshlab o‘n ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Arizani ko‘rib chiqishda tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasining (bo‘limining) jamoat tartibini saqlash bo‘yicha (bo‘linmasi, guruhi) yuridik shaxs bilan birgalikda fuqarolar gavjum bo‘ladigan joy ko‘zdan kechiriladi. Joyni ko‘zdan kechirish natijasi bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, unda obekt hududining chegarasi, PPX bo‘linmasi shaxsiy tarkibining talab etiladigan soni, xizmat xonalari, post va marshrutlarning joylashuvi, javobgarlik hududi, PPX bo‘linmasi xodimlarining xizmat olib borish vaqti hamda tartiblari belgilanadi. Ko‘zdan kechirish dalolatnomasi va shartnoma loyihasi tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasiga yuboriladi.

Yuklangan vazifalarni bajarish uchun PPX bo‘linmasi shaxsiy tarkibining soni, post va patrul yo‘nalishlarining joylashuvi, shuningdek xizmatni o‘tash qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari yoki Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining Patrul- post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi ko‘zdan kechirish dalolatnomasi va shartnoma loyihasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha ularni besh ish kunidan kechiktirmagan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari yoki Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbariyatiga taqdim etadi.