Sud tibbiyot kollejining urib o‘ldirilgan talabasi haqida hali hukm o‘qib bo‘lmasdanoq, yuridik kollejda ham fojia ro‘y berdi. Yana bosh qahramonlar va aybdorlar — o‘smirlar. Bolalarning bu qadar berahm ekanligiga asosiy sabab nimada?

So‘nggi haftalarda ijtimoiy tarmoqlarda so‘nggi fojia faol muhokama etilmoqda. Har kim o‘zicha hukm chiqarmoqda: kimdir kollej rahbariyatini ayblasa, boshqalar — ota-onalarni, uchinchi tomon — javobgarlik hissi yo‘qligini va hokazo. Ayblashga aslo shoshmaslik kerak. Keling, shaxsan o‘zim guvoh bo‘lgan bir necha hayotiy voqealarga e'tibor qarataylik.

...Ertalabki soat sakkiz. Poytaxt maktabi. Bolakaylar o‘qishga shoshilishmoqda. Kichik yoshdagi o‘qituvchilarni yaqinlari qo‘llaridan ushlab boshlab borishmoqda, katta yoshlilari o‘zlari mustaqil yo‘lga tushishgan. Sakkiz yoshlardagi bolakay, qo‘lini tutib borayotgan oyisidan nimadir so‘ramoqchi, lekin ona telefonda so‘zlashib bormoqda. Oyisining e'tiborini yana bir marta jalb qilishga uringan chog‘da boshiga shapaloq kelib tushdi. Bola hiqillab qoldi. Bunga javoban esa yomon so‘zlar bilan yo‘g‘rilgan koyish eshitdi. Bola endi indamasdan keta boshladi. Bu daqiqalarda bolaning ko‘nglida nimalar yuz berganini tasavvur etish qiyin. Shu kunning o‘zidayoq sinfda janjal yuz berdi. Voqeag aybdori — «qahramon»imiz. O‘zining ranju alamini u o‘zidan ko‘ra kuchsizroq sinfdoshidan chiqarib oldi. Sinf rahbari va ota-onalarning bu mavzudagi suhbati oxiriga yetmay qoldi. Vaziyatga chuqurlashmasdan har ikki tomon bosh aybdor — o‘qituvchi, degan to‘xtamga kelishdi.

Boshqa holat. Choshgoh. Yuqori sinf o‘quvchisi maktabdan chiqib ketmoqchi. Maktab qo‘riqchisi undan kundaligini ko‘rsatishni talab qilib, faqat darslari tugagan bo‘lsagina maktabdan qo‘yib yuborishini aytadi. Biroq o‘quvchi kundaligini ko‘rsatishdan bosh tortadi. Boz ustiga, qo‘riqchiga baqirib, hozir otasini chaqirishi bilan po‘pisa qildi.

Uchinchi holatda guvoh bo‘lganmizki, onalar bolalari mustaqil bo‘lib qolishgani va 7–8 yoshida uyda bir o‘zlari bemalol qolishlarini maqtanishadi. Asosiysi — ularga kompyuter va telefon olib berilsa bas. Boshqa holatda oltinchi sinfda o‘quvchi qiz dugonalariga darslarni ko‘chirishga berib turishi uchun a'lochi sinfdoshini qo‘rqitish kerakligini uqtiradi. O‘quv dargohlaridan, qo‘shnilar va boshqa joylardan kelayotgan signallarga ota-onalar ko‘pincha bee'tibor bo‘lishadi va farzandlariga o‘z oldlarida paydo bo‘layotgan muammolarni mustaqil hal qilishga qo‘yib berishadi, bu esa birinchi navbatda bolalarda berahmlik, shafqatsizlikni paydo qiladi. Barcha narsaning ildizi shunda emasmi? Biz ushbu savollar bilan uzoq yillar tarbiyasi og‘ir o‘smirlar bilan ishlagan psixolog Valeriya Melkonyanga murojaat qildik.