23:56 / 14.10.2017
35134

Tanlash o‘z qo‘lingizda: «yashil» yoki «qizil» yo‘lak

Foto: ekonombilet.ru

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida» 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi» hamda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi doirasida bojxona organlariga ham bir qator vazifa va topshiriqlar yuklangan edi.

Davlat dasturi doirasida jismoniy shaxslar uchun bojxona hududiga kirib kelish va uni tark etish bo‘yicha «yashil» va «qizil» yo‘lak tizimini amaliyotga tatbiq etish yuzasidan ham topshiriqlar berilgan, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona qumitasi rasmiy sayti.

2017 yilning 11 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegaralari orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi 814-sonli qarori qabul qilinishi mazkur tizimini amaliyotga tatbiq etishda muhim qadam bo‘ldi.

Qarorni qabul qilishdan asosiy maqsad fuqarolarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish sharoitlarini jahon standartlariga muvofiqligini ta'minlash, bojxona rasmiyatchiligini soddalashtirish, nazoratning samarali usullarini qo‘llash, shuningdek turizmni rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlarni yaratishdan iboratdir.

Mazkur Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegaralari orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, ikki yo‘lakli tizim 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarida, 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab esa, O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali avtomobil va temir yo‘l o‘tkazish punktlarida kuchga kiradi.

Ushbu qaror ijrosini ta'minlash maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasiga 1 oy muddatda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda xalqaro aeroportlarda ikki yo‘lakli tizimni ishlashini ta'minlash uchun kerakli infrastruktura ishlarini o‘tkazish yuklatildi.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan hamda O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan shaxslarning safar maqsadi, mamlakati, yoshi va regioni bo‘yicha shakllanishini ta'minlaydigan statistika hisoboti shaklini ishlab chiqib, amaliyotga kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga 1 oy muddat berildi.

Qaror bilan tasdiqlangan Nizom O‘zbekiston Respublikasi bojxona kodeksiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash talablari va tartibini, shuningdek bojxona chegarasi orqali o‘tadigan jismoniy shaxsning bojxona operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida notijorat maqsadlar uchun mo‘ljallangan tovarlarni deklaratsiyalash shakli sifatida «yashil» va «qizil» yo‘lakni tanlash qoidalarini belgilaydi.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi 162-moddasida jismoniy shaxslar tomonidan olib o‘tilayotgan tovarlarni deklaratsiyalash maqsadida bojxona hududiga kirib kelish yoki ushbu hududdan chiqib ketish joylarida ikki yo‘lakli tizim qo‘llanilishi mumkinligi aks ettirilgan.

Unga ko‘ra, ikki yo‘lakli tizimning qo‘llanilishi bojxona operatsiyalarini bajarish uchun notijorat maqsadlardagi tovarlarni deklaratsiyalash shakli sifatida «yashil» yoki «qizil» yo‘lakning bojxona chegarasi orqali o‘tayotgan jismoniy shaxs tomonidan mustaqil ravishda tanlanishini nazarda tutadi.

Aytish mumkin-ki, Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd qilingan qarori Bojxona kodeksidagi ushbu normani hayotga tadbiq qilish imkoniyatini vujudga keltirdi.

Avvalo, ushbu «yashil» va «qizil» yo‘laklarga ta'rif berib o‘tsak.

«Yashil» yo‘lak — kirib kelish va chiqib ketish joylarida maxsus belgilangan, jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi qo‘l yuki va kuzatib borilayotgan bagajdagi tovarlarni bojxona chegarasidan olib o‘tishi uchun mo‘ljallangan joy.

«Qizil» yo‘lak — kirib kelish va chiqib ketish joylarida maxsus belgilangan, jismoniy shasxlarning yozma shaklda deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan qo‘l yuki va kuzatib borilayotgan bagajdagi tovarlarni, shuningdek deklaratsiyalanishi jismoniy shaxsning ixtiyoriga ko‘ra amalga oshiriladigan tovarlarni bojxona chegarasidan olib o‘tish uchun mo‘ljallangan joy.

Ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash uchun kamida bitta «yashil» va «qizil» yo‘lak ajratiladi. Bojxona hududiga kirib kelish yoki ushbu hududdan chiqib ketish joylarida yo‘laklarning umumiy soni bojxona organi tomonidan yo‘lovchilar oqimi va mavjud imkoniyatlarda kelib chiqqan holda belgilanadi.

Har bir yo‘lak tomonga harakatlanish va har bir yo‘lakka kirish yo‘nalishi aniq belgilanadi hamda farqlanadi. Yo‘laklar bildiruvchi maxsus belgilardagi ma'lumotlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida bo‘ladi. Bundan tashqari faoliyat ko‘rsatilayotgan hududdan kelib chiqib, bojxona organari qo‘llanishi maqsadga muvofiq deb biladigan boshqa tillarda ham bo‘lishi mumkin.

Yo‘laklar nomiga mos ravishda tegishli rangdagi liniyalar bilan belgilanadi. Kirish va chiqish joylarini anglatadigan yo‘laklar orasidagi masofa esa kamida 2 metr bo‘lishi lozim.

Ushbu yo‘laklar bojxona hududiga kirib kelishda chegara nazoratidan o‘tgandan so‘ng, chiqib ketishda esa chegara nazoratidan o‘tishdan oldin, xalqaro aeroportlarda esa bagaj topshiriladigan yoki beriladigan joydan so‘ng joylashtiriladi.

Xalqaro aeroportlarda chiqib ketishda yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda bagajni topshirish joylarida bojxona nazoratini amalga oshirishgacha aviatashuvchiga topshirilgan bagajda olib o‘tiladigan tovarlarga nisbatan bojxona qonunchiligi buzilishilari aniqlansa, ularni sodir etgan shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini beradigan sharoitlar yaratilgan holatda «yashil» va «qizil» yo‘laklarni joylashtirishga ruxsat etiladi.

Ushbu yo‘laklar shunday ajratilishi lozim-ki, undan o‘tayotgan yo‘lovchilar boshqa yo‘lak orqali o‘tadigan shaxslarni kuzatish imkoniga ega bo‘lmasliklari kerak.

Ikki yo‘lakli tizim oldida jismoniy shaxslarga bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarni deklaratsiyalash uchun tegishli yo‘lakni ongli ravishda tanlash imkonini beradigan axborot hududi tashkil etiladi.

Unda bojxona qonunchiligi va asosiy qoidalar, ikki yo‘laqli tizimni qo‘llash tartibi haqida qisqacha ma'lumotnomalar, shuningdek bojxona qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi ogohlantirish joylashtiriladi.

Axborot hududidagi ma'lumotlar davlat tili, rus va ingliz tillarida, shuningdek faoliyat ko‘rsatadigan hududdan kelib chiqib, bojxona organlari tomonidan tanlangan boshqa tillarda bo‘lishi mumkin. Bu yerda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish ustunlari, deklaratsiyani to‘ldirish namunalari va blankalari bo‘ladi.

«Yashil» yo‘lakda olib kirish yoki olib chiqish qonun hujjatlariga muvofiq taqiqlangan yoki cheklagan tovarlar, qiymati va miqdori bojsiz olib kirish normasidan va qonun hujjatlarida belgilangan aksiz solig‘i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normasidan oshadigan tovarlar hamda yozma deklaratsiyalanadigan naqd milliy va xorijiy valyutadagi olib kirish va olib chiqishga rusxat etilgan mablag‘larning cheklagan normalaridan tashqari barcha tovarlar og‘zaki deklaratsiyalanadi.

16 yoshga to‘lmagan shaxslarning qo‘l yuki va bagajdagi tovarlari unga hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan deklaratsiyalanadi.

Jismoniy shasxning «yashil» yo‘lakdan o‘tishi bojxona maqsadlari uchun bojxona organiga mazkur shaxsning yozma deklaratsiyalashtiriladigan tovarlari yo‘qligini ma'lum qilish sifatida qaraladi. Bu jismoniy shaxsni bojxona qonunchiligi talablariga rioya etish majburiyatidan ozod etmaydi.

Agar «yashil yo‘lak»dan o‘tayotgan jismoniy shaxs taqiqlangan yoki cheklagan tovarlarni, qiymati va miqdori bojsiz olib kirish normasidan va qonun hujjatlarida belgilangan aksiz solig‘i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normasidan oshadigan tovarlarni yoki naqd valyutalarning ruxsat etilgan midqoridan ortiqchasini olib o‘tayotgani gumon qilinganda yoki bu haqida axborot mavjud bo‘lsa, ushbu shaxsga nisbatan bojxona nazoratining tegishli shakllari qo‘llaniladi.

Ushbu jarayonda tegishli bojxona qoidabuzarligi fosh etilsa, u holda ushbu shaxs bojxona qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

«Qizil» yo‘lak orqali o‘tadigan jismoniy shaxslar belgilangan tartibda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishadi. Bojxona organlari «qizil» yo‘lakda bojxona nazorati shakllarini qo‘llashda tanlash prinsipiga asoslanadi.

Jismoniy shaxslarning ishlab chiqarish yoki tijorat maqsadlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tishida bojxona rasmiylashtiruvining qonun hujjatlarida belgilangan umumiy qoidalari qo‘llaniladi.

Husen Tangriyev,

Davlat bojxona qo‘mitasi «Toshkent-Aero» IBK axborot xizmati katta inspektori

Top