Amerika Qo‘shma Shtatlarining oyiga 4,2 millionlik auditoriyaga ega «Real Clear World» nashrida shunday sarlavhali maqola e'lon qilindi. Uning muallifi – nashr sharhlovchisi va «Corsair LLC» konsalting kompaniyasining boshqaruvchi direktori Jyeyms Durso. Bu haqda O‘zA xabar bergan.
Maqolada qayd etilishicha, 2016 yilning 4 dekabridan, ya'ni Shavkat Mirziyoyev mamlakat prezidenti etib saylangan kundan boshlab O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Bungacha 13 yil davomida bosh vazir lavozimida faoliyat yuritgan yangi prezident qo‘shni mamlakatlar bilan chegara va suv resurslari bilan bog‘liq bahsli holatlarga yechim topish, milliy valyuta konvertatsiyasini ta'minlash, inson huquqlariga rioya etish, G‘arb ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi masalalarni hal qilishga faol kirishdi. O‘zbekiston rahbari qo‘shni mamlakatlar, uzoq va yaqin xorij davlatlari, jumladan, Rossiya, Xitoy, AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar bilan hamkorlikni jadal kengaytirmoqda.
Ekspertning fikricha, O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim ichki o‘zgarishlar qatorida o‘qituvchilar va sog‘liqni saqlash xodimlarini paxta yig‘im-terimiga jalb qilish taqiqlanganini qayd etish mumkin. Bu boradagi ishlarning davom ettirilishi O‘zbekiston paxtasini tashqi bozorda sotish ko‘lamini kengaytirish imkonini beradi, deb hisoblaydi amerikalik sharhlovchi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbariyati eksportchilar xorij valyutasida olgan daromadlarining 25 foizini majburiy sotish amaliyotini bekor qildi. Mamlakat fuqarolari chet el valyutasini bankdan sotib olish va sotish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu chora-tadbirlar savdo-sotiqni yengillashtirish va korrupsiyani kamaytirishga xizmat qiladi. Ushbu yangilanishlar tezkorlik bilan amalga oshirilgani ko‘plab moliyachilarni hayratga soldi, deb ta'kidlaydi J.Durso.
Muallif, shuningdek, O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda ekstremizm g‘oyalariga moyil bo‘lgan shaxslar "qora ro‘yxat"dan chiqarilayotganini (17 mingdan 16 ming nafari) qayd etadi. Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlaridan birida "Hayotda bilib-bilmay adashgan odamlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, kechirimli bo‘lish, ularni sog‘lom hayotga qaytarish masalalari ham diqqat markazimizda turibdi", deb ta'kidladi. Bunday odamlarni ishga joylashtirish va din arboblarining ular bilan doimiy muloqotini ta'minlash vazifasi qo‘yildi.
Maqolada ta'kidlanganidek, 2019 yildan boshlab O‘zbekistonda xorijga chiqish vizalari bekor qilinadi. Bu aholining iqtisodiy imkoniyatlari va erkinligi darajasini oshiradi. Farg‘ona vodiysida "Do‘stlik" va Qozog‘istonda "Maqtaral" chegara punktlarining ochilishi odamlarning harakati va o‘zaro savdo-sotiq kengayishiga xizmat qiladi.














