«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi tomonidan «Sudlar va sud ishlarini yuritish to‘g‘risida jamoatchilik fikri» mavzusida jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazildi. Unda mamlakatning barcha mintaqalaridagi 18 yosh va undan katta 1100 nafar kishi so‘raldi, ularning 49,2%i erkaklar va 50,8%i xotin-qizlar. 

So‘rov natijalarining ko‘rsatishicha, o‘zbekistonliklar O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning sudlov sohasida zamonaviy talablar va xalqaro andazalarni hisobga olgan holda mamlakat sud tizimini takomillashtirish bo‘yicha tashabbuslarini ma'qullaydilar va qo‘llab-quvvatlaydilar. Fuqarolar beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan sud tizimini isloh qilish sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta'minlashi, fuqarolarning biror-bir moneliksiz odil sudlovdan foydalanishini ta'minlashi, inson huquqlari 
va erkinliklarini ishonchli tarzda himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishi kerakligini anglaydilar.

So‘rov natijalariga muvofiq, mamlakatning mutlaq ko‘pchilik (81,5%) fuqarolari yashash mintaqasidan, yoshidan, ma'lumotidan, ijtimoiy va etnik kelib chiqishidan, faoliyat sohasidan qat'i nazar, sud tizimini isloh qilishni qo‘llab-quvvatlaydilar.

So‘rovning ko‘rsatishicha, fuqarolarning fikriga ko‘ra, mamlakat sud tizimida hali qator kamchiliklar mavjud: sudlarning o‘z faoliyatiga aralashuvdan mustaqilligi to‘la ta'minlanmagan, sudyalar o‘rtasida qonunga zid harakatlar sodir qilish, korrupsiya, insonlarning tashvishlariga befarqlik, adolat qonunlarini buzuvchi qarorlar qabul qilish holatlari uchrab turadi, ishlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslikka va sansolarlikka yo‘l qo‘yilmoqda. So‘rov ishtirokchilari shunga umid qiladilarki, sud organlari va sudyalar ishining qonun talablari va adolat qoidalariga muvofiq tashkil etilishi bu kamchiliklarni bartaraf etadi, mamlakatda Qonun ustuvorligini ta'minlaydi va aholining sud tizimiga ishonchi darajasini oshiradi. 

Sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta'minlash va odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi qoidasini amalga oshirish sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvorliklaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Jamoatchilik fikri so‘rovi jarayonida o‘zbekistonliklarning sudlar va sudyalarning ular faoliyatlariga davlat va ijroiya hokimiyat organlarining ta'siri va aralashuvidan qanchalik mustaqilligi haqida tasavvurlari aniqlandi. 

Respondentlar javoblarining monitoringi ijobiy javoblarning barqarorligini, shuningdek, sudyalar hali o‘z faoliyatiga uchinchi shaxslarning aralashuvidan to‘la darajada mustaqil emas, degan fikrga qo‘shiluvchi respondentlar sonining o‘sganligini aniqladi. Fuqarolarning qayd etishicha, mustaqil, beg‘araz sud korpusini shakllantirishga qaratilgan yanada ko‘proq amaliy choralar ko‘rish zarur. So‘rov o‘tkazish davrida sudning mustaqilligi ta'minlanmagan, deb hisoblovchi  respondentlar soni o‘sgan.