O‘tgan haftada butun Shimoliy Koreya bo‘ylab elektr toki o‘chirildi va aholini evakuatsiya qilish ishlari mashq qilindi. North Korea News nashri Shimoliy Koreyada bunday mashg‘ulotlar oxirgi marta 2003 yilda o‘tkazilgani, bu mashg‘ulotlar mamlakatning urushga tayyorgarlik ko‘rayotganini anglatuvchi signal ekani haqida yozdi.

Harbiy holat davriga xos harakatlar Pxenyanda o‘tkazilmagan. Mashg‘ulotlar asosan sharqiy qirg‘oqdagi shaharlarga taalluqli bo‘lgan.

Mashg‘ulotlarda yorug‘lik maskirovkasi rejimi qo‘llangan. Bunda potensial raqibni mo‘ljaldan og‘dirish maqsadida butun boshli aholi punktlarida chiroqlar o‘chirib qo‘yilgan.

KXDRning kosmosdan ko‘rinishi / Reuters / © NASA

Bu mashg‘ulotlar Seulga Pentagon rahbari Jyeyms Mettisning kelishi fonida o‘tkazilgani e'tiborni tortdi. Shuningdek, noyabr oyida Janubiy Koreyaga AQSh prezidenti Donald Tramp kelishi kutilmoqda. Uning tashrifi davomida Koreya yarimoroliga amerikaliklarning strategik qurollari joylashtirilishi masalasi muhokama qilishi kutilmoqda.

«Men hech qachon Shimoliy Koreyada bunday ko‘lamdagi mashg‘ulotlar o‘tkazilgani haqida eshitmagandim. Ular vaziyat qanchalik jiddiyligini tushunishlari kerak», — deya janubiy koreyalik zobitning so‘zlarini keltirgan Daily Mail.

Bunday ko‘lamdagi mashg‘ulotlar oxirgi marta 14 yil muqaddam, Kim Chen Ir boshqaruvi vaqtida o‘tkazilgandi. O‘shanda KXDRda havo hujumiga tayyorgarlik ko‘rilgandi.

Amerikalik mehmonlar

Jyeyms Mettis va Son Yon Mu / Reuters

27 oktabr, juma kuni AQSh Mudofaa vaziri Jyeyms Mettis Janubiy Koreyaga keldi, 7-8 noyabr kuni Seulda Qo‘shma shtatlar prezidenti Donald Tramp tashrifi kutilmoqda.

Muzokaralar chog‘ida Mettis AQSh va Janubiy Koreya alyansi yarimoroldagi vaziyatni barqarorlashtirishni maqsad qilgani haqida gapirdi. Bundan tashqari, ikki davlat Mudofaa vazirlari xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatlashuv o‘tkazishdi va yakundagi qo‘shma bayonotda Vashington yaqin vaqt ichida Janubiy Koreya hududiga strategik qurollarini joylashtirishni rejalashtirgani haqida ma'lum qilindi.