O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining Ijroiya Qo‘mitasi Byurosining qaroriga ko‘ra, futbol bo‘yicha 2018 yilgi Oliy liga musobaqalarida 12ta jamoa ishtirok etadi. Chempionat o‘yinlari esa 3 davra tizimida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmatiga asoslangan holda «Tribuna» xabar berdi.
Yangi formatga ko‘ra, 12ta jamoa 3 davrada aylanma tizimda o‘ynaydi. Bunda har bir jamoa mavsum davomida 33ta o‘yin o‘tkazadi. Dastlabki ikki davraga mavsum boshida qur'a tashlanadi va jamoalar «uyda-safarda» tizimida bahs olib boradi. Musobaqaning uchinchi davrasiga esa reglament asosida qur'a tashlash yo‘li bilan mezbon-mehmon aniqlanadi. Natijada klublar o‘rtasida chempionlik va ligada qolish uchun raqobat kuchayib, musobaqa saviyasi oshadi.
2018 yilgi 12ta jamoadan iborat 3 davrali tizim ishtirokchilarini aniqlashda 2017 yilgi futbol mavsumi hamda 2018 yilgi mavsumga futbol klublarini litsenziyalash yakunlari asos bo‘lib xizmat qiladigan bo‘ldi. Natijada, 2018 yilgi musobaqada 2017 yilda 1–11 o‘rinlarni egallagan 11 jamoaga Birinchi liga musobaqalarida g‘olibi bo‘lgan futbol klubi qo‘shiladigan bo‘ldi.
Ushbu qarorni qabul qilish asnosida O‘FF va PFL rahbariyati murabbiylar, klublar rahbarlari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillarining har bir taklifini chuqur o‘rganib chiqdi.
«Men bugungi qabul qilingan qarordan qoniqish hosil qildim», – dedi O‘FF Prezidenti Umid Ahmadjonov. «Chunki, u bir tomonlama qabul qilinmadi. Biz hamma kiritilgan taklif va mulohazalarni o‘rganib chiqdik. Keyin esa yangi formatning bizning sharoitga qanday to‘g‘ri kelishini o‘rgandik. Yakunda esa 12ta klub qatnashadigan musobaqa variantida to‘xtadik. Men ushbu qarorning qabul qilinishida ishtirok etgan har bir ekspert va ommaviy axborot vositalari vakillariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman».
Umid Ahmadjonov chaqirgan O‘FF Ijroqo‘mining Byurosi, shuningdek, Birinchi ligada o‘ynaydigan jamoalar sonini 16taga kamaytirish to‘g‘risida ham qaror qabul qildi. Birinchi liga asosan yoshlar o‘ynaydigan musobaqa bo‘lib, Oliy liga klublari hamda terma jamoalar uchun nomzod tayyorlaydigan o‘ziga xos fabrika bo‘lib xizmat qilishi kerakligi alohida urg‘ulandi. Bundan tashqari, futbolni butun Respublika bo‘ylab bir tekisda rivojlanishiga erishish maqsadida Birinchi ligada har bir viloyatdan bitta jamoaning ishtirok etishi asosiy talablardan biri etib qo‘yiladi. Shu orqali O‘FF va PFL musobaqalarida ishtirok etadigan futbolchilarning yosharib borishiga erishiladi va yakunda murabbiylarni aynan yoshlarga ko‘proq imkoniyat berishga undaydi.







