Jamiyat | 12:37 / 31.10.2017
13261
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda fuqaroligi yo‘q shaxslarning fuqarolik olish bo‘yicha arizalari qay tartibda ko‘rib chiqilmoqda?

Foto: KUN.UZ

Samarqandda yaqindagina 7 kishiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportlari topshirilgani haqida xabar berilgan edi. O‘tgan kunlar ichida viloyatda yashovchi yana bir fuqaroga — Oltinoy Ayubovaga ham fuqarolik pasporti topshirildi.

Biz bu borada viloyatda ishlar qanday ketayotgani, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilish tartibi haqida Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi katta inspektori Firdavs Mardonov bilan suhbatlashdik.

— O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 20 noyabrdagi PF-500 sonli farmoni asosida tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida» Nizomga binoan amalga oshiriladi.

F.Mardonovning qayd etishicha, ayni paytda Samarqand viloyatida doimiy yashovchi, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni 2 yarim mingdan ortiq. Yil boshidan beri Prezident farmoni asosida ularning 20 nafariga fuqarolik berildi.

— Fuqarolikka qabul qilish tartibi qanday? Shu haqda qisqacha tushuntirish bersangiz.

— 1992 yil 2 iyulda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunning 17-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish tartibi belgilab berilgan. Nizomga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi materiallarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish tartibiga muvofiq, so‘nggi 5 yil O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashayotgan xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs doimiy istiqomat joyidagi ichki ishlar organlari orqali O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti nomiga fuqarolikka qabul qilish to‘g‘risida ariza beradi hamda tegishli hujjatlarni 2 nusxadan taqdim etadi. Fuqarolikka qabul qilinish to‘g‘risidagi ariza 1 yil muddat ichida ko‘rib chiqiladi.

Ayni paytda boshqarmada O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish to‘g‘risidagi arizalar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashayotgan chet el fuqarolarining Respublika hududida yashash guvohnomasini olish bo‘yicha arizalari ham ko‘rib chiqilmoqda.

Shuhrat Shokirjonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid