Tasavvur qiling, siz yoshlar uchun mo‘ljallangan «Kamolot» uyi qurdingiz. Buning uchun bank sizga kredit ajratdi. Uyni belgilangan muddatda topshirdingiz. Qurgan uyingizni kimgadir sotish yoki taqsimlash sizning ixtiyoringizda emas. Viloyat hokimligi uyni dalolatnoma orqali qabul qilib olganidan so‘ng, uyni o‘z egalariga vaqtida topshira olmagani bois siz bilan to‘liq hisob-kitob qilmadi. Siz esa vaqtida topshirgan uyingiz uchun kreditni o‘z vaqtida yopa olmadingiz va foiz to‘lashda davom etdingiz — ya'ni zarar ko‘ra boshladingiz. Buning uchun kim aybdor?

Samarqandda aynan shunday holat yuzaga kelmoqda. Saytimizda ilgari ham «Samarqandlik tadbirkor: «Viloyatdagi mutasaddilar tufayli korxonam 552 million so‘m zarar ko‘rdi» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingan va Past Darg‘om tumanida «Kamolot» uylari qurib bergan «Past Darg‘om sifat qurilish» xususiy ixtisoslashtirilgan ta'mirlash qurilish korxonasining viloyat hokimi (endilikda sobiq) o‘rinbosari Olim Ochilov, viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi va ATB «Qishloqqurilishbank» Samarqand mintaqaviy filiali rahbariyatining o‘z xizmat vazifasini suiiste'mol qilishi, tadbirkorning taqdiriga befarq qarshi uning huquqlarini poymol qilishi oqibatida yarim milliard so‘mdan ziyod zarar qilgani bayon etilgan edi.

Endi xuddi shunday tadbirkordan yana biri tahririyatimizga murojaat qilib, o‘zining arz dodini respublika rahbarlari eshitishini, viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi panja orasidan qarab, yechimini topmayotgan muammosini hal qilinishi so‘ramoqda.

Jomboy tumanidagi «Niyatbek quruvchi» xususiy korxonasi rahbari Hamza Qosimovich Mamayusupovning aytishicha, adliya vazirligiga, milliy xavfsizlik qo‘mitasiga, respublika Bosh prokuroriga, Samarqand viloyati hokimligiga va boshqa tegishli organlarga qilgan 3 martalik murojaati umuman qanoatlantirilmagan.

«Bizning aybimiz (u bu safar xuddi shu muammo bilan yurgan «Past Darg‘om sifat qurilish» xususiy ixtisoslashtirilgan ta'mirlash qurilish korxonasi rahbari Hayitmurod Elmurodov bilan keldi) nima, Vazirlar Mahkamasining qaroriga labbay dab javob berib, qurilishni barcha me'yorlar bo‘yicha yakunlab, o‘z vaqtida topshirganimizmi?! Samarqandda adolat bormi o‘zi?!» — deyishmoqda ular. Quruvchilarning aytishicha, bunday «Kamolot» uylar respublikamizning barcha viloyatlarida qurilgan, boshqa viloyatlarda birorta quruvchining «burni qonatilmagan», barcha zarur mablag‘lar, qurilish materiallarini o‘z vaqtida olishgan, qurilish tashkilotlari foyda bilan chiqishgan.