15:07 / 04.11.2017
157574

Mingbuloqda yirik neft koni topildimi?

Foto: AP

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatidagi Mingbuloq tumanida yirik neft koni topilganligi haqida xabarlar tarqaldi.  

Biz ushbu yangilikka aniqlik kiritish maqsadida viloyatdagi soha mutasaddilari bilan bog‘landik.  

Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, haqiqatdan geologiya-qidiruv mutaxassislari tomonidan “Mingbuloq” neft koni hududida yerning 6 ming metr chuqurligida  katta hajmdagi neft koni borligi aniqlangan. 

Ayni payt ushbu konda O‘zbekiston va Xitoy davlatining yetakchi mutaxassislari tomonidan qazilma ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Hozirda burg‘ilash ishlari 3,5 ming metrga yetgan bo‘lib, yana 2,5 ming metr qazish ishlaridan so‘ng ko‘p narsaga oydinlik kiritiladi. 

Internet manbalaridan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning geologik  neft zaxirasi – 5 mlrd. tonnani tashkil etib, aniqlangan neft zaxirasi esa 530 mln. tonnadan ziyod. 

Britaniyaning British Petroleum (BP) kompaniyasi hisobotida 2016 yili O‘zbekistonda 2,6 million tonna neft qazib olingani aytiladi. 

Nasib qilsa, tez kunlar ichida “Mingbuloq” neft konida yirik “Qora oltin bulog‘i” topilgani haqidagi xushxabarni kutib qolamiz.

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov

Top