2017 yilning 1 oktabr holatiga respublika doimiy aholisining soni 32 mln. 511,9 ming kishini tashkil etib, yil boshidan 391,4 ming kishiga yoki 1,2 foizga ko‘paydi. Shundan, 16 mln. 451,9 ming kishi – shahar joylarida (jami aholi sonining 50,6 foizi) va 16 mln. 60,0 ming kishi – qishloq joylarida (49,4 foizi) istiqomat qiladi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasining 2017 yilning yanvar-sentabr oylaridagi asosiy iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha hisobotida aytiladi.

2017 yilning yanvar–sentabrida tug‘ilganlar soni 523,6 ming kishini tashkil etdi va 2016 yilning shu davriga (532,4 ming kishi) nisbatan 8,8 ming kishiga kamaydi, shunga mos ravishda tug‘ilish koeffitsiyenti 21,7 promilleni tashkil qildi.

Tug‘ilish koeffitsiyentining sezilarli kamayishi Xorazm (20,7 promilledan 19,5 promillegacha), Buxoro (20,6 dan 19,5 gacha), Farg‘ona (21,9 dan 20,8 gacha) Toshkent (20,2 dan 19,2 gacha), Qashqadaryo (24,7 dan 23,8 gacha), Namangan (23,5 dan 22,6 gacha), Andijon (22,9 dan 22,1 gacha) Navoiy (22,3 dan 21,7 gacha) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (20,7 dan 19,5 gacha) hissasiga to‘g‘ri keladi.

2017 yilning yanvar–sentabrida vafot etganlar soni 116,9 ming kishini tashkil qildi va 2016 yilning shu davriga (108,9 ming kishi) nisbatan 8,0 ming kishiga ko‘paydi, mos ravishda o‘lim koeffitsiyenti 4,8 promilleni tashkil qildi (2016 yil yanvar–sentabrida – 4,6 promille bo‘lgan).

O‘lim koeffitsiyentining sezilarli o‘sishi Andijon (4,8 dan 5,3 promillegacha), Namangan (4,3 dan 4,8 ), Jizzax (3,9 dan 4,3), Surxondaryo (4,0 dan 4,4), Farg‘ona (4,5 dan 4,9), Qashqadaryo (3,8 dan 4,1 ), Navoiy (4,5 dan 4,7), Sirdaryo (4,7 dan 4,9), Xorazm (4,3 dan 4,5) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (4,4 dan 4,6) hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘lim darajasining eng past ko‘rsatkichi Qashqadaryo (4,1 promille), Buxoro (4,3 promille), Jizzax (4,3) va Samarqand (4,3) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Vafot etganlar umumiy sonidan 60,5 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9.2 foizi – o‘sma kasalliklaridan, 6,2 foizi – baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlardan, 5,6 foizi – ovqat hazm qilish organlari kasalliklaridan, 4,9 foizi – nafas olish organlari kasalliklaridan, 1,7 foizi – infeksion va parazitar kasalliklaridan, 11,9 foizi – boshqa kasalliklardan vafot etgan.