Samarqand viloyati Ishtixon tumanida bir binoning buzilishi va uning o‘rnida yopiq suv havzasi qurilishi atrofida fuqaro va tuman hokimiyati o‘rtasida vujudga kelgan ziddiyatning asl mohiyati nimada? 

KUN.UZ tahririyatiga Ishtixon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Bunyod O‘roqovdan murojaat kelib tushgan edi. Shu munosabat bilan tahririyat maxsus muxbirlari 2017 yil 16 sentabr kuni xizmat safari bilan Ishtixon tumaniga yuborildi. Ular 8 sahifali murojaatda keltirilgan faktlar qanchalik to‘g‘ri ekani va boshqa dalillar yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi. Qayd etish joizki, bu jarayon 2 yarim oydan ko‘proq vaqt davom etdi. 

Foto: Bunyod O‘roqov / Kun.uz

Fuqaro Bunyod O‘roqov o‘z maktubida Ishtixon tumani markazida joylashgan Madaniyat saroyi binosi noqonuniy buzilishi hamda tuman hokimligi tomonidan amalga oshirilayotgan qing‘ir ishlar xususida qator dalillarni keltirgani, tuman hokimi Sh. Negmatovning noqonuniy harakatlari yuzasidan tuman va viloyat prokuraturalari, boshqa yuqori turuvchi idoralarga murojaat qilgani, ammo tayinli javob olmaganini iddao etgan.

Unda ta'kidlanishicha, Ishtixon tumani hokimligi Ishtixon shahri markazida joylashgan, Madaniyat vazirligi balansidagi “Madaniyat saroyi” (sobiq Bolalar shifoxonasi)ni o‘z vazirlik roziligisiz, balansiga olib, uni buzishga qonuniy asos bo‘lmagani holda buzgani, undan chiqqan qurilish materiallari talon-toroj qilingani aytiladi. Shu bilan birga, O‘roqov sobiq bolalar shifoxonasi binosini, bo‘sh turganligi sababli tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida Davlat mulki qo‘mitasidan ijaraga olgani hamda unda ta'mirlash ishlarini o‘tkazish uchun katta mablag‘lar sarflaganini bildiradi. U o‘z fikriga binoning ta'mirdan avvalgi va keyingi fotosuratlarini ilova qiladi. Uning aytishicha, hokimiyat O‘roqovning qilgan xarajatlarini qoplamagan. 

Arizada keltirilgan faktlar o‘rganilganda, haqiqatdan qator kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Masalan, Ishtixon tumani hokimligining Samarqand viloyati hokimligi Injiniring kompaniyasiga yo‘llagan qarori nusxasi ikki xil ko‘rinishda mavjudligi aniqlandi. 

Foto: Ishtixon tumanidagi Yopiq suv havzasi qurilishi / Kun.uz

Xususan, Injiniring kompaniyasining advokat B.Haydarov so‘rovi bo‘yicha 2017 yil 17 avgust kuni yo‘llagan №01-1651 sonli javob maktubiga ilova qilingan hujjatlar to‘plamida Ishtixon tumanining 2017 yil 31 yanvardagi №249-q sonli qarori nusxasi bilan Ishtixon tumani kotibiyati tomonidan 2017 yil 17 iyun sanasi bilan “Asliga to‘g‘ri” degan muhrga ega 2017 yil 31 yanvardagi №249-q sonli qarori nusxasi o‘rtasida farqlar bor.