11:40 / 15.11.2017
25438

Atamboyev: O‘zbekiston bilan birga kreditlarni qo‘rqmasdan olish kerak

Foto: AKIpress

«Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘, biz blokadalar tufayli kamchiliklar bor joylarni bilib olmoqdamiz», - deya aytib o‘tdi Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev «Ala-Archa» davlat qarorgohida 15 noyabr kuni barqaror rivojlanish bo‘yicha Milliy kengash yig‘ilishida.

«Biz energoblokadan so‘ng energetik xavfsizlikka erishdik. Endi Qirg‘izistonga energetika, yo‘llar sohasida shunday infratuzilma loyihalari kerak ekanini ko‘rmoqdamiz. Jo‘qorg‘i Keneshdagi ba'zi deputatlar biz nega kreditlar olayotganimiz, bu Qirg‘izistonga dushmanlik ekanini aytib qichqirmoqda. Deputatlar, sizlarga shuni aytib qo‘ymoqchiman. Agarda sizlar parlamentda kamroq shang‘illagangizda, hukumat kreditlarga yo‘llar qurgan, hozir esa muqobil yo‘llar, muqobil bozor paydo bo‘lgan bo‘lar edi, sababi Xitoy temir yo‘lini qurishga rozi. Kreditlarni olish va parlamentda bor ovozi bilan qichqirayotganlarga e'tibor bermaslik kerak. Agar parlament bundan keyin ham mamlakatimizga rivojlanishda xalaqit qiladigan bo‘lsa, unda bunday parlamentning o‘zi kerak emas», - deya ma'lum qildi Atamboyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muqobil yo‘llar qurilmoqda, biroq endi «birodar O‘zbekiston bilan hech qanday qo‘rquvlarsiz kreditlar olish va temir yo‘lni qurish lozim».

«Bir mamlakat shimoli va janubini temir yo‘li orqali bog‘laymiz. Sapar Jumaqodirovich, mayli, temir yo‘li bo‘yicha kreditni rasmiylashtiramiz va bu bir necha yilni talab qiladi. Biroq Toshkent-O‘sh-Qoshg‘ar avtotrassasini darhol boshlash kerak», - dedi u.

Atamboyevning ta'kidlashicha, u kelasi yili ishga tushirilishi lozim.

«U yerda atigi bir necha o‘n million dollar. Hech bo‘lmasa avtotrassa ishlashi kerak. Xitoyga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kerak emasligi haqida gapirayotganlar esa, ochiq-oydin yolg‘on so‘zlashmoqda. Mana bir kishi televideniye orqali chiqish qildi, men MXDQdan u kimligini bilib berishni so‘radim, u esa Qozog‘istonga qochib qoldi. Bizga yuborilgan oddiy  xizmatkor bo‘lib chiqdi. Menga XXR raisi Si Tszinpinning shaxsan o‘zi Xitoyda ekologik toza mahsulotga ehtiyoj borligini bir necha bor aytgan. Xitoyda hammasi o‘g‘itlarda, Qirg‘izistonda esa hattoki o‘g‘itlar zavodi ham yo‘q, hamma mahsulotlar toza. Endi, bizni YeOII bilan ajratib qo‘yishgani tufayli Xitoy bilan ishlash lozim. Boshqa bozorlarni qidirish kerak, Xitoyga, O‘zbekistonga borish talab etiladi. U yerda bizning kartoshkaga ehtiyoj katta», - dedi u.

Avvalroq Atamboyev Qozog‘iston bo‘yicha o‘ta keskin bayonot bergani xabar qilingandi.

Mavzuga oid
Top