O‘zbekiston | 10:40 / 23.11.2017
56315
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev koreyaliklarga «master-klass» o‘tdi

Foto: Prezident matbuot markazi

Koreya Respublikasiga davlat tashrifini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Seulda ikki mamlakatning iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari, yetakchi ishbilarmonlari ishtirokidagi Janubiy Koreya –O‘zbekiston  biznes-forumida qatnashdi. 

Prezidentning Koreya Respublikasiga tashrifini yoritish bo‘yicha matbuot markazi «Kun.uz»ga ma'lum qilishicha, forumda Koreya Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari, strategiya va moliya masalalari bo‘yicha vazir Kim Dong Yong ham so‘zga chiqdi. U O‘zbekiston Koreya uchun muhimligini e'tirof etgan.

«O‘zbekistonga hurmat tufayli, diplomatik protokolni buzib, prezidentni kutib olish uchun aeroportga chiqdim. Chunki, O‘zbekiston biz uchun muhim», degan vazir o‘rinbosari.

U Koreya O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy rivojlanish yo‘lidagi dadil harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlab o‘tdi. 

«O‘zbekiston rahbarining nihoyatda ochiq va samimiy nutqi, Koreya sarmoyadorlari bilan o‘tkazgan muloqoti meni hayratda qoldirdi. Uning ijobiy quvvati har bir ishtirokchi, shu bilan menga ham ko‘chdi. Shavkat Mirziyoyev biznesda har bir jihatni unutmagan holda ikki tomonga manfaat olib keluvchi tashabbuslarni ilgari surmoqda. O‘zbekiston rahbari Koreya biznes doira vakillariga mamlakat investitsion muhitida ochiqlik va shaffoflik so‘zsiz ta'minlanishini ta'kidlamoqda. O‘tgan bir yil ichida O‘zbekistondagi iqtisodiy, moliyaviy sohadagi katta o‘zgarishlarni kuzatmoqdamiz. O‘ylaymanki, bugun oliy darajada bo‘lib o‘tgan biznes-forum yuzlab investorlarga yanada yangi biznes g‘oyalar beradi. Ular o‘zi uchun yangi, O‘zbekiston bozorini kashf qiladi», degan u.

Shavkat Mirziyoyev forumda qatnashayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi vakillariga murojaat qilgan. Prezident vazirlar, kompaniyalar, banklar va tashkilotlarning rahbarlarini birma-bir turgizib, ularga topshiriqlar bergan.

Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan muloqot qilishdagi xalqchil uslubi mezbonlarda katta taassurot qoldirgan.

«Biz sizdan shunday, rahbar va tadbirkorlar o‘rtasidagi muloqot uslubini o‘rganamiz. Bugun siz bizga master-klass o‘tdingiz», degan Koreya delegatsiyasi vakillaridan biri.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev o‘tgan oyda Turkiyaga tashrifi davomida Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK rahbari Ulug‘bek Ro‘ziqulovni o‘rnidan turg‘azib qo‘yib, topshiriqlar bergan va uning va'dasini olgandi. Shundan so‘ng buni Erdo‘g‘an ham takrorlagandi.

Mavzuga oid