Har soatda Tesla yarim million dollar yo‘qotmoqda. Bunday sur'atlarda kompaniya kelgusi yilning 6 avgustiga borib pulsiz qoladi, deb yozadi Bloomberg.

So‘nggi yil mobaynida Tesla daqiqasiga 8 ming dollar yoki soatiga 480 ming dollarni «yoqib» yuborgan. Bunday sur'atlarda kompaniyaning puli 6 avgustga borib tugaydi. Kompaniyaning fikricha, qachonki Model 3 savdosi boshlansa vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishi mumkin. Investorlarni esa bu hol aslo cho‘chitayotgani yo‘q, seshanba kuni uning aksiyalari 3 foizga oshib, 317.81 dollarga yetgan va kompaniya kapitalizatsiyasini 53 milliard dollargacha oshirgan. Taqqoslash uchun: Ford’niki — 48 mlrd. dollar.

Lekin mablag‘larga bo‘lgan talab Maskni mijozlardan faqat bir-ikki yildan keyin yetkazib beriladigan avtomobillar uchun oldindan to‘lov qilishni so‘rashga majburlamoqda. Tesla Roadster The Founders Series 250 ming dollar turadi, bunaqa mashinalarning mingtasi kompaniyaga chorak milliard pul keltiradi. Bu esa yomonmas.

Lekin bu yaqin kelajakda foyda keltirishi dargumon bo‘lgan Model 3’ni ishlab chiqarishga yotqizilgan milliard dollar sarmoyalarni har chorakda yamlab yuborayotgan Tesla moliyaviy ehtiyojlari yoniga yaqin ham yo‘lolmaydi.

«10 oymi, bir yilmi qarab turishlaridan qat'i nazar, Maskka hozir va imkon qadar tezroq pul kerak», — deydi Bloomberg Intelligence katta tahlilchisi Kevin Taynan, 2018 yil yarmigacha Tesla kamida ikki milliard dollar jalb qilishi kerakligini baholar ekan.

Tesla mart oyi so‘ngigacha 5 ming dona Model 3 ni ishlab chiqarish uchun pullari yetarli ekanligini aytib o‘tgan. «Shu sanadan so‘ng kompaniya operatsion faoliyatdan yetarli miqdordagi pul oqimlarini generatsiya qilmoqchi», — deyiladi kompaniyaning aksiyadorlarga 1 noyabrda yo‘llagan maktubida. Tesla matbuot kotibi Deyv Arnold esa izoh berishdan bosh tortgan.

Tesla’da variantlar juda kam. Kompaniya shundoq ham maksimum darajada kredit olib bo‘lgan, obligatsiyalar bozori esa ayni paytda eng maqbul manba hisoblanmaydi. Uch oy muqaddam Tesla’ning 1,8 milliard dollar miqdoridagi qarzini sotib olgan investorlar esa qimmatbaho qog‘ozlarga sarflangan har bir dollar 93,88 sentga oshib, «tub»dan ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hamon zarar ko‘rishmoqda.

Bularning barchasi ichida yashab qolish uchun chora sifatida aksiyalarning savdoga chiqarilishi mumkinligi anglatadi, bu aksiyadorlarning ulushi suvalib ketishiga zamin yaratadi. Ularning eng asosiysi esa Ilon Maskning o‘zi (u 20 foiz aksiyaga egalik qiladi).