Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi Shayx Zayniddin jome masjidida «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»ga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi. Unda ulamolar, imom-xatiblar, mahalla faollari, nuroniylar, Toshkent shahar hokimligi vakillari hamda avval turli ro‘yxatlarda bo‘lgan fuqarolar ishtirok etdi, deb yozadi Muxlis.uz.

Muloqotda bugungi kunda davlat tomonidan olib borilayotgan din sohasidagi ulkan o‘zgarishlar, Yaratganning bunday ne'matlariga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lga qaytgan kishilarning hayotini yaxshilash va muammolarini bartaraf etish haqida so‘z bordi.

Haqiqatdan, hayotda biror-bir muammoga duch kelgan odam avvalo dardini kim bilandir bo‘lishgisi keladi. Shunday lahzada uni kimdir diqqat bilan eshitsa, bir og‘iz shirin so‘z bilan taskin bersa, to‘g‘ri yo‘lga boshlasa, mushkuli osonlashadi. Ko‘pincha adashgan odamga to‘g‘ri berilgan yo‘l-yo‘riq tufayli kishida hayotda o‘z o‘rnini topishda ishonch paydo bo‘ladi. Eshitish va taskin berish bilan cheklanmay, amaliy yordamga qo‘l cho‘zilganda esa odam o‘zini chin ma'noda baxtli hisoblaydi.

Foto: Muxlis.uz

Mana shu nuqtai nazardan diniy soha xodimlari va keng jamoatchilik vakillari adashgan oqimlarga moyil bo‘lgan oilalarga kirib, tanlagan yo‘llari noto‘g‘ri ekani haqida Qur'oni karim, hadisi sharif va ulamolarning ishonchli dalillari asosida tushuntirish ishlarini olib borishdi. Adashgan fuqarolarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, qilmishidan pushaymon bo‘lib, afsus-nadomat chekayotganlarga ruhiy tasalli berib, hayotda o‘z o‘rnini topishlariga imom-xatiblar yaqindan ko‘mak berib kelmoqdalar.

Anjumanda oilalarda kitobxonlik targ‘ibotini keng yoyish maqsadida Odilxon qori Ismoilov qalamiga mansub «Jannat kaliti», «Inson manfaatlari islom ta'limotining oliy mezoni» singari kitoblar tarqatildi.

Tadbirning ikkinchi qismi bir piyola choy ustida davom etdi va ushbu suhbat ham bu borada qilinayotgan savobli ishlarning uzviy davomi bo‘ldi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov va jamoat tashkilotlari rahbarlari dillaridagi samimiy, iliq so‘zlarni aytib, yig‘ilganlarning ko‘nglini shod etishdi.