O‘zbekiston | 16:02 / 01.12.2017
107479
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda OITS bilan kasallanganlar soni ma’lum qilindi

1 dekabr Xalqaro OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan dunyoning turli shaharlari va davlatlarida 21-asr vabosiga bag‘ishlangan turli anjumanlar, tadbirlar tashkil etiladi. Unda bu illatga qarshi kurashish masalalari hamda muammolari muhokama qilinadi. Ommaviy axborot vositalari orqali ham kasallikka qarshi tashviqot ishlari kuchaytiriladi. BMT ma’lumotlariga binoan, bugungi kunda OITS/OIV kasalligi insonlarning o‘limiga sabab bo‘layotgan xastaliklar orasida 5-o‘rindadir. Kasallik bilan yashayotganlar soni dunyo bo‘ylab 35,7 mlndan ortiqni tashkil etadi. 

KUN.UZ muxbiri ham Xalqaro OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori, professor Nurmat Otabekovga murojaat qildi. 

Uning ma’lum qilishicha, OITSga chalinganlar sonini va bu kasallik bilan bog‘liq epidemiologik holatni baholashda har 100 ming kishi hisobiga to‘g‘ri keladigan kasallanganlar soni olinadi. 

Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, bu borada O‘zbekistondagi holat birmuncha barqarordir. Hozirda, O‘zbekistonda har 100 ming aholidan 102 kishi ushbu yuqumli kasallikka chalingan. Bu O‘zbekistonda taxminan 32 ming 500 atrofida OITS/OIV bilan xastalangan bemor borligini bildiradi (taxminiy hisob tahririyatniki). Qiyoslash uchun aytiladigan bo‘lsa, Rossiyada bu raqam 500 ni, Ukrainada 280 dan ortiqni tashkil etadi. 

Shu bilan birga, Otabekov O‘zbekistonda ushbu kasallikni aniqlash borasida qanday ishlar olib borilayotgani yuzasidan ham ma’lumotlar berdi. Uning aytishicha, har yili O‘zbekiston aholisining salkam 11 foizi, ya’ni 3,4 mln kishi OITS/OIV tahlilidan o‘tadi. Bunda xorijiy mamlakatlarda bo‘lib kelgan o‘zbekistonliklar orasida ushbu kasallikni yuqtirish holatlari tobora ko‘paymoqda. Otabekov qayd etganidek, har yili tekshirilayotganlarning 300 mingdan ortig‘i xorijda bo‘lib qaytayotganlar bo‘lsa, ularning kasallikka chalinganlarining 75-80 foizi OIVni jinsiy yo‘l bilan yuqtirmoqda. 

Shundan xorijda bo‘lib, ushbu kasallikni yuqtirib kelganlarning 69 foizi Rossiyada ishlab qaytgan mehnat muhojirlari, 16 foizi Qozog‘istonda bo‘lib qaytganlardir. O‘zbekistonda ilk bor ushbu kasallik 1987 yili Toshkent OTMda tahsil oluvchi afrikalik talabada aniqlangan. 1989 yilda Afrika mamlakatlaridan birida ishlab kelgan o‘zbekistonlik fuqaroning ham ushbu kasallikka chalingani tahlillar natijasida ma’lum bo‘lgan. 

“O‘zbekistonda, - deydi Nurmat Otabekov, - shu yillar mobaynida OITS/OIVga qarshi kurash maqsadida 3 marta yangi tahrirdagi qonun, 3 marta strategik dastur va 3 marta davlat dasturlari qabul qilinib, muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Buning uchun davlat budjetidan 40 mln dollar, boshqa xorijiy grantlar asosida 100 mln dollardan ortiq mablag‘ sarflangan. Shunga ko‘ra, parentral yuqish holatlari (tibbiy muolaja orqali) keskin kamayishiga erishilgan. Bundan tashqari, OITS bilan kasallangan onadan bolaga yuqish holati kamaygan. Bugungi kunda shu kabi onalardan dunyoga kelayotgan chaqaloqlarning 99,7 foizi sog‘lomdir. Biroq so‘nggi 10 yilda jinsiy yo‘l bilan ushbu kasallikni yuqtirish holatlari 7 baravarga oshgan”. 

Uning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston 2019 yilda JSSTning OITS bilan xastalangan onadan sog‘lom farzand tug‘ilishi ko‘rsatkichi bo‘yicha eng yuqori natija qayd etuvchi mamlakatlardan biri bo‘lishga asosiy da’vogarlardan biridir. 

Tolib Rahmatov

KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid