15:00 / 03.12.2017
13700

Novosibirskdagi yong‘inda bir oilaning 5 farzandi halok bo‘ldi

Foto: Anna-news

Rossiya Tergov komissiyasining Novosibirsk viloyati tergov boshqarmasi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, 3 dekabrga o‘tar kechasi Iskitim tumanining "Stepnoy" qishlog‘ida yong‘in chiqqan, uning natijasida 5 nafar bola halok bo‘lgan. Bolalarning eng kattasi - 7, eng kichigi esa 1 yoshda bo‘lgan. 

Yong‘inni uyda bo‘lgan mehmonlardan biri sezgan (shu kuni uch kishi mehmon bo‘lgan). U kuchli tutundan uyg‘onib ketgan, deraza romini taqillatib, yordamga chaqirgan hamda yong‘inni o‘chirishga harakat qilgan. Biroq bu vaqtga kelib yong‘in shu qadar kuchli bo‘lganki, kvartiradagi bolalarni qutqarishning imkoni bo‘lmagan. TASS agentligining xabar berishicha, bolalar yong‘inning ilk daqiqalaridanoq is gazidan zaharlanib, halok bo‘lishgan. 

Yong‘in natijasida uyning 32 yoshli egasi, bolalarning otasi va uning do‘sti birinchi va ikkinchi darajali kuyish jarohatlari olib, shifoxonaga yetkazilgan. 

Voqea yuzasidan Rossiya JK 109-moddasi 3 bandi ("ehtiyotsizlik tufayli ikki va undan ortiq kishining o‘limi yuzaga kelishi") bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

FVV ma'lumotiga ko‘ra, ko‘p bolali oilaning bir farzandi yong‘in sodir bo‘lgan kuni qarindoshlarinikida bo‘lgan va shu bois jabrlanmagan. U va uning yaqinlariga yordam berish uchun Rossiya FVV psixologlari yo‘llangan. 

Top