Jahon | 08:49 / 04.12.2017
6193
2 daqiqa o‘qiladi

Yamanning sobiq prezidenti husiylar bilan aloqalarni rasman uzdi

Foto: Kun.uz

Yamanning sobiq prezidenti Ali Abdulloh Saloh husiylar harakati “Ansor Alloh” bilan ittifoqdoshlik aloqalarini to‘xtatishini rasman e'lon qildi. Bu haqda 4 dekabrda Al Arabiya telekanali ma'lum qildi.        

Saloh bu qarorini husiylarning Yamanda xalqqa qarshi harakatlar olib borishlari va Eronning siyosiy buyurtmasini bajarishlari bilan tushuntirdi. “Mamlakatni husiylar tuzilmalari qabihliklaridan qutqarish zarur”, deb aytgan Saloh. Uning aytishicha, husiylar “o‘zlarining g‘araz maqsadlari uchun va Eron ularga suqishtirgan tor dunyoqarashlariga tayanib mamlakatni ocharlik bilan qiynamoqda”. Salohning fikricha, “Yaman poytaxti Sanodagi jang maydonida hal qiluvchi onlar keldi”. 

Sanoda Saloh tarafdorlari va husiylar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 29 noyabrdan beri davom etib kelmoqda. Janglar davomida ikki tomondan 200 ga yaqin odam halok bo‘lgan. Ma'lum qilinishicha, Sanoning ko‘plab tumanlarini qamrab olgan janglarda Saloh tarafdorlari husiylarni ancha chekinishga majbur qildilar.

2 dekabrda Saloh partiyasi husiylarga qarshi kurashga chorlagan. Bundan tashqari, Saloh Yamandan qamal olingandan keyin qo‘shni davlatlar bilan muloqot olib borishga tayyorligini bildirgan.  

Husiylarga qarshi kurash olib borayotgan Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Salohning bu harakatlarini qo‘llab-quvvatladi. Bu orada “Ansor Alloh” yetakchisi Abdulmalik al-Husiy Salohni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlarning harakatlarini “aqlsiz va shubhali”, Salohning o‘zini esa sotqin deb atagan. 

Mavzuga oid