O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti huzurida “Samarqand me'mor loyiha” loyiha-qidiruv tashkilotini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni e'lon qildi.
Samarqand viloyati shahar va tumanlari hududlarini arxitektura va shaharsozlik jihatidan rejalashtirish ishini tubdan yaxshilash, sohadagi ilmiy-tadqiqot ishlarini va ilg‘or chet el tajribasini amaliyotga tatbiq etish, zamonaviy texnika va texnologiyalarni loyihalashtirish va qurilishga joriy etish, turar joylar, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi obektlarining zamonaviy turdagi, shu jumladan, eksperimental loyihalarini ishlab chiqishni tashkil qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:
1. Samarqand viloyati hokimligi, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti muassisligida davlat unitar korxonasi shaklidagi “Samarqand me'mor loyiha” loyiha-qidiruv tashkilotini (keyingi o‘rinlarda “Samarqand me'mor loyiha” DUK deb ataladi) tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berildi.
2. “Samarqand me'mor loyiha” DUKning xodimlari cheklangan umumiy soni 117 nafar bo‘lgan tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlandi.
“Samarqand me'mor loyiha” DUK direktoriga Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti va O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan kelishgan holda, zarurat bo‘lganda, “Samarqand me'mor loyiha” DUKning tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlarning cheklangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.
3. Quyidagilar “Samarqand me'mor loyiha" DUKning asosiy vazifalari etib belgilandi:
Samarqand viloyatining shahar va tumanlarida qurilishi rejalashtirilayotgan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan obektlarni loyihalashtirish hamda hududning arxitektura-rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish;
aholi punktlari hududlarini qurishni rivojlantirish hujjatlarini ishlab chiqish;
transport va yo‘l qurilishi obektlari va komplekslarini loyihalashtirish;
umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llarini, magistral muhandislik tarmoqlarini, jumladan, ularning muhandislik tarmoqlari va tizimlari bilan birga, qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash bo‘yicha hujjatlarni ishlab chiqish;
















