21:45 / 06.12.2017
6623

Jyek Ma: "Xitoy ishchi o‘rinlarni o‘g‘irlayotgani yo‘q, aksincha, ularni yaratmoqda"

Foto: hightech.fm

Alibaba rahbari Jyek Ma Xitoy mehnat bozoriga ijobiy ta'sir ko‘rsatayotganiga ishonchi komil ekanini ta'kidladi. Ko‘p xorijiy kompaniyalar mamlakatda muvaffaqiyatga erishmoqda, AQShda esa Xitoy kompaniyalariga omad bu qadar kulib boqmaydi. 

Alibaba asoschisi Jyek Ma ilk bosqichda o‘z biznesining rivojlanishiga katta qiyinchilik bilan erishgan, u tomonidan yaratilgan kompaniyada esa uzoq yillar kamomad qayd etilgan. Endi esa Alibaba'ning bozor kapitalizatsiyasi 430 milliard dollardan oshadi, Jyek Maning o‘zi esa Xitoyning eng badavlat kishisi hisoblanadi.  

So‘nggi yillarda Alibaba boshqa mamlakatlar bozorini o‘zlashtira boshladi va Maning ishonch bilan ta'kidlashicha, kompaniya elektron kommersiyani globallashtirdi. Milliarder IV Jahon internet boshqaruvi konferensiyasida xorijiy mamlakatlarda biznes yuritishga doir tajribasi bilan bo‘lishdi. "10 yil ilgari men Jyeff Bezosga maslahat bergandim: Boshqa mamlakatda biznesni rivojlantirmoqchi bo‘lsang, u yerga shunchaki yaxshi boshqaruvchilarni emas, tadbirkorlik ruhida "yonuvchi" odamlarni jo‘nat va qiyinchiliklarga tayyor tur. Qoidalarga amal qil, qonunlarga rioya qil va hech bo‘lmaganda, 10 yilni o‘sha mamlakatda o‘tkaz", - deya Jyek Maning so‘zlarini keltiradi Wall Street Journal. 

Alibaba asoschisi Amerika kompaniyalari Xitoyda muvaffaqiyatga erisha olmaydi, degan fikrga qo‘shilmaydi. U anjumanda Microsoft, Coca-Cola'ni misol qilib keltirdi, keyinroq CNBC'ga bergan intervyuda esa Starbucks va IBM'ni ham tilga oldi. "Menga Amerikada xuddi shunday muvaffaqiyatga erishgan besh xitoy kompaniyasi nomini ayting", - dedi u. Biroq tahlilchilar bunday taqqoslashni to‘g‘ri emas, deb hisoblashadi, zero Amerika kompaniyalari Xitoy bozorini uzoq yillar egallashadi, Xitoy esa boshqa mamlakatlardagi biznesini yaqindagina rivojlantira boshladi. 

Jyek Ma shuningdek Xitoy amerikaliklardan ishchi o‘rinlarni olib qo‘yayotgani haqidagi fikrga qo‘shilmaydi. AQSh prezidenti Donald Tramp bu haqida bir necha marta gapirgan. Milliarder Xitoy, aksincha, yangi ish o‘rinlarini yaratmoqda, deb hisoblaydi. Yaqinda Ma Trampga Alibaba savdo platformasiga 1 million mayda Amerika korxonalarini jalb qilishga va'da berdi. 

Qarashlardagi qarama-qarshiliklarga qaramay, Ma Trampni tanqid qilmadi. Aksincha, ishbilarmon amerikaliklarga sabrli bo‘lishni maslahat qildi: "Bir yil ichida ko‘p narsaga erishishning iloji yo‘q. Unga imkon bering, hech bo‘lmaganda, harakat qilyapti".

Top