Biz vaqt doim kamlik qiladigan holatda yashayapmiz. Bir vaqtning o‘zida bir necha vazifa ustida ishlashimizga to‘g‘ri kelmoqda. Har kuni juda ko‘p ma'lumotga ega bo‘lamiz, elektron pochta, messenjerlar orqali keluvchi xabarlar va qo‘ng‘iroqlar esa diqqatni jamlashni qiyinlashtiradi. Orada ijtimoiy tarmoqlarni ko‘zdan kechirib chiqishimiz kerak: do‘stlarimiz hayotidagi va umuman dunyodagi yangiliklarni o‘tkazib yubormadikmi? Muhim ishlar uchun vaqt va kuch-quvvatni qanday asrash kerak? Forbes jurnalisti Sergey Pigarevning fikricha, eng avvalo, energiya zaxirasi va motivatsiyani pasaytiruvchi vaqt "o‘g‘rilari"dan xalos bo‘lish kerak.

1. Tartibsizlikni bartaraf eting

Biz ish stolimiz yoki elektron pochtamizdagi tartibsizlik  oqibatlarini yetarlicha baholay olmaslikka moyilmiz. Ish stolini tartibga keltirish taxminan bir soat vaqt oladi, xaosda muayyan bir faylni izlash esa - "atigi" ikki daqiqa. Bu daqiqalarni haftasiga olti kun va kuniga bir necha marotaba yo‘qotishimiz haqida esa o‘ylamaymiz ham. Aslida kompyuter ish stoli va pochtani tartibga keltirishga vaqtinchalik vaqt sarfi bir necha haftada qoplanadi. Yodingizda bo‘lsin, endi siz o‘zingizga kerakli faylni qidirib asabiylashmaysiz va motivatsiyani yo‘qotmaysiz.

Foto: Getty Images

Shunday qilingki, kompyuter qarshisida ishlayotganingizda sizni hech nima chalg‘itmasin. Buning uchun barcha predmetlarni (stikerlar, ruchka, qalamlar, kundalik va b.) stol chekkasiga joylash kerak. Siz va monitor o‘rtasida, shuningdek ushbu ko‘rinmas trayektoriyadan 10-15 santimetr masofada klaviatura va sichqonchadan boshqa hech narsa bo‘lishi kerak emas. Ko‘z oldimizdagi predmetlar bizni chalg‘itadi, diqqatimizni bo‘ladi. Siz muayyan bir vazifa ustida ishlayapsiz va kutilmaganda ko‘zingiz 2-raqamli vazifa muhrlangan stikerga tushadi. Siz uni o‘qib, mulohaza qilguningizga qadar bir necha daqiqa yo‘qotasiz.

2. Ko‘proq "qurbaqa yeng"

Biz doim orqaga suradigan mayda yoqimsiz vazifalar bor. Bu qo‘l ostimizdagi xodimlar bilan yoqimsiz suhbat, maoshni oshirish haqida so‘rash yoki telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi mumkin. Bunday vazifalar "qurbaqalar" deb ataladi. Biz har kuni "Bugun aniq shu ishni qilaman" deymizu, biroq yana va yana uni orqaga suramiz. Bu esa bizning energiya va vaqtimizni oladi: biz muhim ishlardan chalg‘ib, xayolan ularga qaytamiz. Kecha yoki o‘tgan kuni shu vazifani bajarmaganimiz uchun o‘zimizni ayblaymiz va o‘zimizga bo‘lgan ishonchni yo‘qotamiz. Bundan tashqari, bajarilishiga bir necha daqiqa ketishi mumkin bo‘lgan ishlar vaqt o‘tgan sari jiddiy muammoga aylanishi mumkin.