11:32 / 11.12.2017
18484

«Nasihatlaringiz qiziq emas!» - Isroil Erdo‘g‘anga javob qaytardi

Foto: Reuters

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning bayonotiga izoh berdi. Turkiya rahbari o‘z bayonotida Isroilni «terrorchi davlat» deb atagandi, deya xabar qilmoqda Bi-bi-si.

«Men o‘zining Turkiyasida kurdlarning qishloqlariga bombalar yog‘dirayotgan, jurnalistlarni qamoqxonalarga tashlayotgan, Eronga xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berayotgan va terrorchilarga, jumladan G‘azoda ham hech narsada aybi bo‘lmagan odamlarni o‘ldirishda ko‘mak taqdim etayotgan yetakchidan pand-nasihatlarni eshitishga o‘rganmaganman», - deya aytib o‘tdi Netanyaxu.

Avvalroq Erdo‘g‘an, Turkiyadagi hukmron Adolat va rivojlanish partiyasi mitingida chiqish qilib, rasmiy Tel-Avivni falastinliklar tomonidan tashkil etilgan norozilik namoyishlarni politsiyachilar yordamida bostirish harakati bo‘yicha aybladi. Xususan, u Falastin Isroil «terrorchi davlati» tomonidan bosib olinganligini ma'lum qildi.

Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, al-Qudsning maqomi musulmonlar uchun «qizil chiziq» bo‘lib qoladi. Shuningdek, u Turkiya Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzishi mumkinligi bilan ogohlantirdi. Bundan tashqari, uning ma'lum qilishicha, al-Qudsni, uning so‘zlariga ko‘ra, «bolalarni o‘ldirayotgan» mamlakatga bermaydi.

Turkiya va Isroil to‘laqonli diplomatik munosabatlarni faqatgina o‘tgan yili tikladi, bu Anqara isroillik harbiylar harakatiga qarshi protest sifatida o‘z elchisini chaqirtirib olganidan olti yil o‘tib ro‘y berdi. Isroilliklar o‘shanda G‘azo sektori dengiz blokadasini yorib o‘tmoqchi bo‘lgan Turkiya kemasini to‘xtatib qolishgandi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti Donald Trampning al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olish bo‘yicha qarori o‘tgan haftaning chorshanba kuni e'lon qilindi hamda darhol keskin tanqidga uchradi.

Al-Qudsda musulmonlar, yahudiylar va xristianlarning ko‘plab muqaddas joylari bor. 

Isroil davlati tashkil topganidan beri al-Qudsni o‘z poytaxti sifatida ko‘rib keladi. Falastinliklarning fikricha esa, Isroil tomonidan 1967 yilda bosib olingan sharqiy al-Quds ularning davlati poytaxtiga aylanishi lozim.

Avvalroq Falastin AQSh al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olgani tufayli xalqaro sudga murojaat qilishi xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top