11:37 / 11.12.2017
37107

Qirg‘iziston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi sanasiga aniqlik kiritildi

Foto: AKIpress

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bugun, 11 dekabr kuni mamlakat tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayevni qabul qildi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti matbuot xizmati xabar bergan.

Erlan Abdildayev uchrashuv davomida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ishtirokchi davlatlari tashqi ishlar vazirlari Kengashining Avstriya poytaxti Vena shahridagi yig‘ilishidagi ishtiroki yakunlari, shuningdek, Serbiyaga rasmiy tashrif haqida hisobot berdi.

Bundan tashqari, tashqi ishlar vaziri davlat rahbariga prezident Sooronbay Jeenbekovning O‘zbekistonga rasmiy tashrifiga tayyorgarlik jarayoni haqida ham ma'lumot bergan. Qayd etilishicha, tashrif joriy yilning 13-14 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Qirg‘iziston prezidenti rejalashtirilayotgan tashqi siyosiy tadbirlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qator topshiriqlar berdi, deyiladi xabarda.

Bundan avvalroq, 7 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev davlat mukofotlarini tantanali topshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish vaqtida O‘zbekistonga qo‘shni davlat rahbari kelishi kutilayotgani haqida ma'lum qilgandi.

Top