Jahon | 18:55 / 13.12.2017
6262
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyalik daydi inkassatorlardan 300 ming yevroni o‘marib ketdi

Foto: Lenta.ru

Parijning Ruassi–Sharl-de-Goll aeroportida mahalliy daydi inkassatorlik idorasi ichiga kirib, u yerdan 300 ming yevroni olib chiqib ketdi. Bu haqda Le Parisien nashri xabar bermoqda. 

Aeroportda joylashgan qimmatbaho buyumlar saqlanuvchi idorada bir necha kun avval signalizatsiya tizimi ishlab ketgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilar idoraning eshigi ochiqligini, biroq uning ichida hech kim yo‘qligini aniqlashgan.  

Kuzatuv kameralaridan olingan yozuvlar tekshirilgandan keyin idoraga daydi kirgani aniqlangan. U idora oldidagi chiqindi idishlarini timirskilayotganda bexosdan idora eshigiga turtinib ketgan, eshik esa osongina ochilgan.

Daydi ichkariga kirib, u yerdan ikki qop pulni olgancha noma'lum tomonga qarab jo‘nab qolgan.

Politsiyachilar aeroport hududida izg‘ib yuradigan boshqa daydilarni so‘roq qilishgan. Daydilarning aytishicha, gumonlanuvchi ularning orasida boshqa paydo bo‘lmagan. “Endi unga chiqindi idishlarini kovlab yurishga hojat qolmadi”, deb kinoya qilgan tergovchilardan biri.

Inkassatorlarga nisbatan qanday chora ko‘rilgani haqida hech narsa ma'lum qilinmagan.