Toshkent shahri, Yunusobod tumani 13 mavzedagi 23-uyda yo‘lak derazalarining romlari o‘rnatilmagani bois aholi izg‘irin sovuqdan va isitish tizimining yaxshi ishlamasligidan aziyat chekmoqda. Bu haqida Kun.uz muxbiriga 23-uydagi xonadonlarning birida yashovchi Nargiza Qosimova ma'lum qildi.

Vaziyatni o‘rganish va aholining e'tirozini tinglash maqsadida Kun.uz fotomuxbiri turar-joyga tashrif buyurdi.

«Biz bu muammoni hal qilish uchun kimga murojaat qilish kerakligini so‘raganimizda, Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari «Hammasi joyida, shart emas, hal qilamiz», deb ko‘nglimizni puch yong‘oqqa to‘ldiradi. Yozda barcha uyga yangi akfa romlari o‘rnatildi. Faqat bizning uyga romlar o‘rnatilmadi. Hozir esa qahraton qishda romdan esayotgan sovuq shamol bizning salomatligimizga o‘z ta'sirini o‘tkazmoqda», deydi nafaqaxo‘r Saida Rahimova. 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Nahotki, aholi shu vaqtgacha mahalla oqsoqoli yoki uy-joy kommunal xizmatlari vakiliga murojaat qilmagan? 

«Albatta, murojaat qildik. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisining aytishicha, qolgan romlarni o‘rnatishga bankda yetarli pul qolmagan emish. Lekin atrofimizdagi hamma uyga yangi romlar qo‘yilib, aynan bizning bino qolib ketgani juda ham g‘alati holat. Ochig‘ini aytsak, biz gapiraverib charchadik. Hozir nafaqaxo‘rmiz. Kommunal xizmatlari uchun to‘lovni har oy o‘z vaqtida topshiramiz. Lekin nima uchun uyimda sovuqdan muzlab o‘tiraman-u, issiqlik uchun kommunal to‘lovni to‘lashim kerak? Nahotki, bu adolatdan bo‘lsa?», deydi 23-uyning yana bir istiqomatchisi Vera Dovenko. 

Biz mazkur masalaga yanada oydinlik kiritish maqsadida Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisining xonadoniga tashrif buyurdik. Yunusobod tumani 13-mavzening JEK raisi Hojiniso Tursunova bizning murojaatimizga quyidagicha javob berdi: 

«Shartnoma asosida uylarga 108ta rom ajratilgan. Shu romlardan 54tasi o‘rnatilgan, qolgani esa o‘rnatilmadi. Sababi, qurilish uchun biriktirilgan pudratchi G‘ulom ismli yigit yo‘qolib qoldi. Keyin esa kredit olingan bankka murojaat qildim. Bank ta'sischilariga pudratchini topib berishlarini so‘rab, iltimos qildim. So‘ngra Yunusobod tumani prokuroturasiga ariza yozdim. Hozir prokuratura pudratchini va uning ta'sischisini qidirmoqda. Umid qilamanki, tez orada bu muammo o‘z yechimini topadi».