Jahon | 00:22 / 16.12.2017
8066
2 daqiqa o‘qiladi

Aktyor Uinston Cherchill rolini ijro etish vaqtida nikotindan zaharlandi

Foto: AP Photo / Invision

Britaniyalik aktyor Geri Oldman Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Uinston Cherchill haqidagi “Qorong‘i davrlar” filmining suratga olinishi davomida 400 tadan ko‘proq sigara chekishi oqibatida “jiddiy nikotin zaharlanishi” oldi.

Ma'lumki, Cherchill sigara chekishni xush ko‘rgan. 

“Men nikotindan jiddiy zaharlandim. Sizga to‘rtdan uch qismi chekilgan sigarani tutqazishadi va so‘ngra siz uni cheka boshlaysiz. Bir-ikki tortishdan keyin u o‘chadi, so‘ngra sizga yana yangisini berishadi. Bir sahnani olishda 10-12 marta tutun tortishimga to‘g‘ri kelgan”, deb ma'lum qildi aktyor Hollywood Reporter’ga bergan intervyusida.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, film byudjyeti 30 mln dollarni tashkil qilgan va bu mablag‘dan 20 ming dollari sigaralarga sarflangan.

Aktyor zaharlanishini uncha katta qurbonlik deb hisoblamasligini aytdi. “Bu Uinston Cherchill. Sigarasiz Uinston Cherchill bo‘lishi mumkin emas”, deb aytgan aktyor.

Yangi film 18 yanvardan namoyish qilina boshlanadi.

Geri Oldman britaniyalik aktyor, kinorejissyor, musiqachi va prodyuser bo‘lib, ikki marta BAFTA mukofoti bilan taqdirlangan, “Josus, yo‘qol” filmi uchun “Oskar”ga nomzodi qo‘yilgan. 

Uinston Cherchill 1940-1945 va 1951-1955 yillarda Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lgan. 2002 yilda “Bi-Bi-Si” tomondan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, tarixdagi eng buyuk britaniyalik deb topilgan. 

Mavzuga oid