Jahon | 13:49 / 16.12.2017
12295
3 daqiqa o‘qiladi

Lazer va biologik qurolni qo‘llash harbiy jinoyatlar qatoriga kiritildi

BMTning Xalqaro jinoyat sudi (XJS) Rim maqomiga uchta yangi harbiy jinoyat turini kiritdi. Bu haqda BMT sud organining bu asosiy hujjatiga ushbu qo‘shimchalar kiritilishi tashabbusini bildirgan Belgiya tashqi ishlar vazirligining 15 dekabrda chop etilgan bayonotida aytilgan.

“14 dekabrda XJS ishtirokchi davlatlari Assambleyasi Rim maqomiga yana uchta harbiy jinoyatni qo‘shdi. Belgiya bu o‘zgartirishlarni kiritishni 2009 yildayoq taklif qilgandi”, deb aytilgan bayonotda.

Harbiy jinoyatlar ro‘yxati “yaralovchi unsurlarini rentgen nurlanish bilan aniqlashning imkoni bo‘lmagan qurollar, biologik yoki toksin qurollar, ko‘rlikka olib keluvchi lazerlarni qo‘llash” kabi jinoyatlar bilan to‘ldirildi. Bayonotga ilova qilingan hujjatda bu qurollarning qo‘llanilishi odamlarning yoppasiga (ham harbiylar, ham fuqarolarning) o‘lishi va aziyat chekishiga olib kelishi aytilgan.

“Shunga o‘xshash qurollar qo‘llanadigan zamonaviy ixtiloflar, misol uchun, Suriyada kimyoviy qurol qo‘llanishi, hozirda bunday xatti-harakatlarning harbiy jinoyatlar deb tan olinishi juda muhimligini ko‘rsatadi”, deb aytilgan bayonotda. Unda ta'kidlanishicha, Rim maqomida bu bandlarning paydo bo‘lishi jabrlanuvchilarga ishonchli huquqiy ko‘makni ta'minlaydi.   

Bugungi kunda jangovar lazerlar asosan raketa va havo hujumiga qarshi mudofaa maqsadida qo‘llanadi. Biroq piyoda qo‘shinlarga qarshi lazer quroli loyihalari mavjud. Misol uchun, futuristik ko‘rinishdagi PHASR lazer miltig‘i. U AQSh harbiy-havo kuchlari laboratoriyasi tomonidan yaratilgan va sinalgan. Ta'kidlanishicha, bu qurol vaqtinchalik ko‘rlikka olib keladi. Yana shu ma'lumki, AQShning dengiz piyoda qo‘shinlari korpusi o‘ziga miltiqlar stvollari ostiga o‘rnatiluvchi lazerlarni buyurtirgan. Bu qurolning asosiy vazifasi qo‘riqlanayotgan obektga yaqinlashmaslikdan ogohlantirish hisoblanadi. Agar qoidabuzar ogohlantirishga rioya qilmasa, unda lazer nuri bilan uning ko‘ziga zarba beriladi.  

Xalqaro jinoyat sudi butun dunyo hamjamiyati nomidan eng og‘ir jinoyatlar: ommaviy qirg‘in, tajovuzlar, insoniyatga qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlarni sodir etganlarni sudlaydi. Sudning nizomi (Rim maqomi) 2002 yil 1 iyuldan kuchga kirgan va 2003 yildan amal qila boshlagan. Sud tarkibiga 124 ta davlat kiradi.

Mavzuga oid