Inson oliy xilqat deb ulug‘lanadi. Ammo ba'zan odamlarning tubanlikka yuz tutishiga guvoh bo‘lib, beixtiyor, ularda ona zamindagi eng oliy mavjudotga xos bo‘lgan xislatlar umuman bo‘lganmikan, degan shubhaga borasan.
Nodir (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) turmushning mushtlari ostida tirikchilikning ancha serdaromad yo‘lini topdi. Asli qoraqalpog‘istonlik bo‘lgan bu yigit mahalliy bozorlardan bo‘rdoqi novvoslarni arzonroqqa xarid qilar, ularni biroz boquvda saqlab, so‘ngra poytaxtga olib kelib sotar edi, deb yozadi “Postda” gazetasi.
Yigirmaga yaqin bo‘rdoqi ho‘kizlarni yuk avtomashinasiga ortib, shahri azim tomon navbatdagi safarga otlanganida uning kayfiyati har doimgidek chog‘ edi. Safar oldidan doimiy hamrohi – Bahrom bilan tamaddi qilish asnosida “ellik-ellik”ning bir nechtasini “ovqat tagida” qoldirishga ham ulgurdi.
Yo‘lning ikki tomonidan lip-lip o‘tib ortda qolayotgan kengliklar uni olis manzil tomon kuzatib qo‘yayotgandek go‘yo. Sokin musiqa ohangiga moslab boshini chayqatib borarkan, Bahromga ko‘z tashladi. U doimgidek pinakka ketgandi. Bu odatiy hol. Yo‘l yarmigacha shunday boradi-da, keyin uyg‘onib Nodir bilan o‘rin almashadi. Uzoq yo‘lda bunday ehtiyot chorasi ancha asqotadi.
Shu taxlit qosh qorayib, atrofga tun zulmati cho‘kdi. Kimsasiz dashtni ortda qoldirib, soat tungi o‘ndan oshganda Navoiy viloyatining Karmana tumani hududiga kirib kelishganida, Nodirni biroz uyqu elita boshladi.
Shu payt ortda kelayotgan boshqa yuk avtomashinasi quvib o‘tish uchun ishora bergani negadir uning g‘ashiga tegdi. Tezlikni keskin oshirib, “raqibi”ni ortda qoldirib ketdi.
- Kelib-kelib “Mers”ni quvib o‘tmoqchimiding? Mana buni tezlik deydilar og‘ayni, - Nodir qudratli “tulpori” motorining bir tekis guvullashiga quloq tutarkan, orqani ko‘rsatuvchi oynadan ancha olisda qolib ketgan yuk avtomashinasiga g‘olibona ko‘z tashlab qo‘ydi.
Shu lahzada falokat yuz berdi. Bir soniyada yo‘ldan ko‘z uzganligi sabab qatnov qismini kesib o‘tayotgan piyodani o‘z vaqtida ilg‘ay olmadi. Kuzovga urilgan odam yo‘lning qarama-qarshi qatnov qismi tomonga uchib tushganini ko‘rishga ulgurdi, xolos.
Kech bosilgan tormoz bahaybat yuk avtomashinasini to‘xtatishi uchun ancha masofa kerak bo‘ldi. Nodir zulmat qo‘yniga ma'nosiz tikilganicha bir muddat qotib qoldi. Keskin silkinishdan uyg‘onib ketgan Bahrom hech narsani tushunmay uyquli ko‘zlari bilan unga tikildi.
- Tinchlikmi, nima bo‘ldi? Nega indamaysan? Arvoh ko‘rdingmi, rangingda rang qolmabdi...
















