Messi maydonda amalga oshira olmaydigan biror ish yo‘q. Uning mislsiz iste'dodini tan olmagan insonni topish ham oson bo‘lmasa kerak.

Lekin negadir undan doim nimanidir isbotlashni talab qilaveradilar. Avvaliga uning Xavi va Inestasiz hech kim ekanini iddao qilganlar, keyinroq, Messi sheriklarsiz ham o‘z buyukligini namoyish qilavergani sari, boshqa narsani, jahon chempioni bo‘lishni, Maradonadan zo‘r ekanini isbotlashni talab qila boshladilar.

Axir dunyo qanchalab jahon chempioni bo‘la olmagan buyuklarni qabul qilgan, olqishlagan, haligacha eslab yuradi. Messining aybi nima?

To‘p bilan har qanday raqibni yosh bola qilib tashlaydigan Messining o‘zi, negadir doim qarshimizda yosh boladek... futbol olamidagi buyuk shaxsiyatlarning bir qatorida turishga unga nimadir yetishmagandek... Shunday emasmi?

Bilasizmi, inson o‘z e'tiborini nimaga qaratmasin, xususan, futbol olamidan ham o‘zi yashayotgan hayotga o‘xshash hayotni, o‘z hayotiga ko‘chirsa bo‘ladigan ertakni va tabiiyki, o‘sha ertak qahramonini qidiradi. Hech shahzodalar qahramon bo‘lganmi? Juda kam.

Xalq ularni qahramon sifatida qabul qila olmaydi, sababi, shahzodalarning hayot yo‘lini hamma yashay olmaydi, buning uchun, avvalo, shoh oilasida tug‘ilishi zarurki, bu imkonsiz...taqdirni o‘zgartirish insonlarning izmida emas...

Messi esa shahzoda. Uning hayotini yashash, uning yo‘lidan yurish, uning harakatlarini takrorlash - ilojsiz. Chunki Messi bo‘lish uchun avvalo besh yoshingizda «Barselona» nazariga tushishingiz kerak. Siz Messi kabi, «Barselona» qirolligida ulg‘ayib o‘sishingiz va ular sizga ishonishlari kerak.  

Kambag‘al oiladan yetishib chiqqan qahramon esa, har bir qadamga sinovga duch keladi, har qadamda o‘lim bilan yuzma-yuz, har qadamda o‘zining qahramon ekanini isbotlashga majbur. Ana o‘shalar ertaklarga yarashadi, ana o‘shalar xalqqa yaqinroqdek xuddi...

Messi esa hech qachon kurashmagan. U kimningdir raqobatini yengish, o‘zini kimgadir isbotlash ehtiyojini sezmagan. Buni ko‘proq isbotlagandir, rost, lekin bunga majbur bo‘lmagan holda qilgandi hammasini... Ronaldino Messining o‘sishi uchun xalaqit qilyaptimi? Demak Ronaldinoni sotamiz. Ibrahimovichning uslubi Messiga to‘g‘ri kelmayaptimi? Xayr, Zlatan...

Bunday hayot yo‘li bilan inson o‘z iqtidorini to‘liq namoyon qilishi, dunyodagi eng zo‘r futbolchiga aylanishi, yuzlab gol urishi-yu, «Oltin to‘p»larni qalashtirib olishi mumkin... Ammo uni qahramon deya olamizmi? U maydondan tashqarida, oddiy kiyimda uni tomosha qilayotgan insonlarga buyuklikning shakli o‘laroq namoyon bo‘la oladimi?