Paxta mavsumi tugab, obuna mavsumi boshlandi hamki KUN.UZ tahririyatining elektron pochtasi turli arz-dodu, shikoyatlar bitilgan xatlarga to‘lib ketdi. Ularning aksariyati o‘qituvchilar, ota-onalar va talabalardan kelib tushgan...

Hozir 2018 yil obuna mavsumiga yakun yasaldi. Biz turli bosma davriy nashrlarda mehnat qilayotgan hamkasblarimizni hurmat qilgan holda ta'kidlashimiz joizki (chunki bu illatda ularning ham ma'lum bir «hissa»si bor), keyingi yillarda «obuna yuki» ham fuqarolarimizning asabiga tegib kelayotgani bor haqiqat.

Soliq idoralari tomonidan tadbirkorlarga, huquq-tartibot organlari tomonidan xodimlarga, mahalliy hokimliklar tomonidan o‘qituvchilar va shifokorlarga, oliygohlardagi talabalarga obuna rejasi belgilab berilayotgani, obuna uchun pul ularning oylik maoshidan bosib qolinayotgani ko‘z yumib bo‘lmaydigan achchiq haqiqat.

Tizim soat mexanizmidek aniq ishlaydi. Berilgan reja bajarilishi kerak - tamom vassalom. Lekin hammasi ko‘ngildagidek emasligi aniq, chunki shikoyatlar bor…

Xo‘sh, obuna nima o‘zi? Bu — davriy nashrga 1 yil oldindan to‘lab quyiladigan, foizsiz ishonch krediti. Davriy nashrlarimiz, ayrim gazeta va jurnalarimiz shu ishonchga loyiq bir yil ishlab bera olish-olmasligi alohida o‘rganiladigan mavzu, albatta. Lekin axborot asrida yashayotgan bugungi insonni o‘zi o‘qishni xohlamaydigan nashrga majburlab obuna qildirish g‘irt bo‘lmag‘ur ish ekanligi ham rost.

Qanday nashrlarga obuna uyushtiriladi?

Ko‘p yillik kuzatishlarim asosida qo‘rqmay ta'kidlashim mumkinki, davriy nashrlar shartli besh qismga bo‘linadi:

1. Davlat nashrlari. Ha, ular sanoqli va salmoqli. Ular, asosan, o‘z muxbirlari xabar va yangiliklari, O‘zAda chiqqan rasmiy materiallar va reklama bilan sahifalarini to‘ldirishadi. Holbuki, axborotga chanqoq inson bu yerdagi informatsiyalarni Internet orqali o‘sha kuniyoq ko‘rib, kuzatib, xulosa chiqarib bo‘lgan bo‘ladi. Lekin axborot tashishning bir usuli sifatida bunday nashrlar ham kerak. Chunki internet yetib bormagan ko‘p joylarda bunday nashrlar kerak bo‘ladi. Lekin sekin-asta davlat nashrlarining o‘rnini davlat internet-nashrlari egallab borishi kerak. Chunki ma'muriy resurs richagi yordamida majburiy obuna qilinadigan eng ko‘p davriy nashrlar ham davlat nashrlaridir.

2. Partiya nashrlari. Partiyalarimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, g‘oyalarni targ‘ib etuvchi nashrlar bo‘lishi kerak. Lekin bularning ham aksariyat sonlaridagi ma'lumotlar davlat nashrlariniki bilan bir xil ekanligi sir emas. Bularning obunasini tashkillashtirishda ham joylardagi ma'muriy resurs ishga solinadi.