Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namangandagi maktablar “Mutolaa” platformasida majburiy obunaga jalb qilinayotgani aytildi
Namangan viloyatida o‘quvchilar “Mutolaa” loyihasi (elektron va audiokitoblar) ilovasiga majburiy tarzda obuna bo‘lishga jalb etilayotgani aytilmoqda. Kun.uz manbalariga ko‘ra, har bir maktabga kunlik 200 tadan reja yuklangan.
Foto: Kun.uz
Namangan viloyatidagi ayrim maktablarda o‘qituvchi va o‘quvchilar “Mutolaa” loyihasi ilovasiga majburiy obuna bo‘lishga jalb etilmoqda.
Kun.uz'ga xabar bergan bir-biridan mustaqil manbalarga ko‘ra, maktablarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar uchun mas’ul xodimlarga yuqoridan topshiriq berilgan bo‘lib, ular bu vazifani barcha sinf rahbarlariga yuklagan. Natijada boshlang‘ich va yuqori sinf o‘quvchilariga mazkur platformani yuklab olib, skrinshot yuborish topshirig‘i berilgan.
Har bir maktabga kunlik kamida 200 ta obuna jalb qilish bo‘yicha norasmiy limit belgilangan. Topshiriq yuzasidan rasmiy xat yoki buyruq mavjud emas.
“Ma’naviyatchilar xonama-xona yurib topshiriq berishdi, ulanib skrinshot qilib tashlashimizni buyurishdi. O‘zimizning telefonimizdan yoshimizni o‘zgartirib, ya’ni yoshimizni kichraytirib ulandik. Skrinshot tashlab berdik”, deydi manba.
“Mutolaa” platformasi – Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirishga qaratilgan loyiha hisoblanadi. Platformada kitoblarni elektron shaklda o‘qish yoki audio shaklida tinglash mumkin.
Agentlik axborot xizmati holat yuzasidan Kun.uz’ga bergan rasmiy munosabatida bunday amaliyotga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi.
“Bu ilovaga ulanish majburiy emas. Agar shunday holat aniqlansa, mas’ul xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, mehnat shartnomasi qayta ko‘rib chiqiladi. Platformada obunachilar yetarli, majburlashga hojat yo‘q. Bu holat rahbariyatning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ayni paytda holat o‘rganilmoqda, aniqlangan taqdirda qat’iy choralar ko‘riladi”, deyiladi agentlik izohida.
Agentlik tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham bu borada aniqlashtirish ishlari ketayotganini aytdi.
Majburiy obuna – ko‘p yillar davomida budjet tashkilotlari xodimlari uchun og‘riqli masalaga aylangan, ammo oxirgi yillarda obunaga ommaviy majburlash kampaniyalari susaygani kuzatilgan.
Mavzuga oid
08:35 / 20.04.2026
26 ming dollar evaziga Hajga yubormoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi
19:04 / 16.04.2026
Toshkentda maktab o‘quvchilariga pulga 3D formatda qo‘rqinchli film namoyish qilindi
19:00 / 09.04.2026
Al-jabr maktabida “Savodxonlik bayrami” o‘tkazildi
11:35 / 02.04.2026