Samarqand shahridagi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi — KOICA ko‘magi bilan barpo etilgan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi Kasb-hunarga o‘qitish markazida ikkinchi bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi — KOICAning O‘zbekistondagi idorasi direktori Song Seung-Il, Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan ko‘ngilli o‘qituvchilar, Koreya ta'lim va texnologiya universiteti professorlari, Bandlik va mehnat munosabati vazirligining mas'ul xodimlari, markaz bilan hamkorlik qilayotgan korxona va tashkilotlardan tashrif buyurgan mehmonlar va markazni bitirayotgan talabalar qatnashdilar.

Qayd etib o‘tish joizki, kasb-hunarga o‘qitish markazida elektronika va asbobsozlik, payvandlash va chilangarlik, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, axborot texnologiyalari yo‘nalishida har yili 240 talaba o‘qishga qabul qilib, 11 oy davomida bepul o‘qitiladi. Shuningdek, markaz qoshida koreys va ingliz tillarini o‘qituvchi pullik kurslar ham tashkil etilgan.

Markazda turli viloyatdan kelgan o‘quvchilar o‘qishmoqda. Xonalar va o‘quv ustaxonalari shinam va issiq. Talabalar qishning sovuq kunlarida ham darsda yengilgina kiyinib o‘tirishibdi. Markaz qoshida uzoq viloyat va tumanlardan kelgan talabalar uyi ham ochilgan. U yerda barcha sharoitlar hozirlangan. Hattoki jismoniy imkoniyati cheklangan talabalar uchun ham maxsus yotoq xonalari ajratilgan.

Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar o‘qitish markazi o‘quvchilarining bitiruv ishlari ko‘rgazmasi bilan tanishib chiqishdi.

Mehmonlarda katta taassurot qoldirgan ko‘rgazmadan so‘ng majlislar zalida bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. So‘zga chiqqan KOICAning O‘zbekistondagi ofisi direktori Song Seung-Il yig‘ilganlarni yangi yil va diplom bilan tabriklab, bu yerdagi o‘qitish jarayonidan chuqur qoniqish hosil qilganini aytdi va KOICA bunday markazlarni O‘zbekiston bo‘ylab ochishda davom etishi, xususan, yaqinda Shahrisabzda yana bir shunday markaz ishga tushishini ta'kidlab o‘tdi. Janob Song Samarqanddagi markazni KOICAning butun jahondagi markazlari ichida eng namunali markazga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar va sharoitlar muhayyo ekanligini alohida qayd etdi.