KXDRga Rossiya kemalari neft yetkazib bermoqda - Reuters
Rossiya tankerlari oktabr va noyabrda Shimoliy Koreya kemalariga bir necha marta neft quyib bergan. Bu sanksiyalarga qaramay yuz berdi, deb xabar qilmoqda Reuters agentligi Yevropa xavfsizlik xizmatidagi manbalarga tayangan holda.
«Rossiya kemalari joriy yilda bir necha marta sanksiyalarga qaramay, Shimoliy Koreya uchun neft mahsulotlarini kemadan kemaga quyib bergan», - deya ma'lum qildi manbalardan biri.
Ikkinchi manba ham bunday holatlar yuz berganini tasdiqladi, biroq, Rossiya hukumati bunga aloqador ekaniga doir hozircha hech qanday guvohliklar yo‘qligini qayd etdi.
Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, sun'iy yo‘ldosh yordamida olingan suratlar Rossiya kemalarining o‘sha tumanda noodatiy tarzda harakatlanishidan darak bergan. Bundan tashqari, ular kemalar aniq qayerda ekanini ko‘rsatib beruvchi transponderlarni o‘chirib qo‘ygan.
Reuters’ning yozishicha, shunday kemalardan biri Rossiyaning «Vityaz» tankeri bo‘lgan. Port hujjatlariga ko‘ra, «Vityaz» 15 oktabr kuni Vladivostok yaqinidagi Slavyanko portidan bortida 1,6 ming tonna neft bilan chiqib ketgan. Dengiz tashuvlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar shundan so‘ng tanker bir necha kunga transponderni o‘chirib qo‘yganligini ko‘rsatdi.
Manbalar so‘zlariga ko‘ra, «Vityaz» oktabrda Shimoliy Koreyaning Sam Ma 2 tankeriga neft quyib bergan. «Vityaz»ga egalik qiluvchi «Alisa» kompaniyasi direktori o‘rinbosari Yaroslav Guk agentlikka Shimoliy Koreya kemalari bilan aloqalar haqidagi xabarni rad etdi.
Dengiz tashuvlari to‘g‘risidagi ma'lumot shuni ko‘rsatdiki, Rossiyaning yana ikki kemasi oktabr va noyabr o‘rtasida xuddi shunday yo‘nalishdan ketgan, deb yozmoqda Reuters.
Rossiya TIV va Rossiya Bojxona xizmati agentlikka KXDRga neft yetkazib berilayotgani haqidagi ma'lumot bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pekin BMT Xavfsizlik Kengashi sanksiyalari ostida bo‘lgan Shimoliy Koreyaga neft va neft mahsulotlari yetkazib berayotganini rad etib chiqqandi.
Mavzuga oid
14:22 / 13.11.2024
AQSh: KXDR askarlari allaqachon Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda
11:22 / 12.11.2024
Shimoliy Koreyadan qochganlar RFdagi KXDR kuchlari orasida dezertirlikka erishmoqchi
10:41 / 12.11.2024
KXDR Rossiya bilan hamkorlik shartnomasini ratifikatsiya qildi
20:11 / 10.11.2024