2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi e'lon qilindi.

Dasturning III bobi «Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari» deb nomlangan. Uning Makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlarini saqlab qolishga bag‘ishlangan dastlabki bo‘limida amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan quyidagi chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.

Taraqqiyotning innovatsion modellarini joriy qilish orqali ilg‘or g‘oya, nou-xaular yaratish va «aqlli» texnologiyalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan iqtisodiyotning yangi modeliga bosqichma-bosqich o‘tish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyiha bilan O‘zbekistonni texnologik rivojlantirish va ichki bozorni modernizatsiya qilish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlanadi. Dasturda:

  • innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishning tashkiliy-huquqiy va institutsional asoslarini yaratish;
  • iqtisodiyotni boshqarishning yangi mexanizmlarini, zamonaviy va ilg‘or texnologik yondashuvlarni joriy etish;
  • innovatsiyalardan foydalanuvchi, raqamli texnologiyalarni jadallashtiruvchi, muqobil energiya manbalarini joriy qiluvchi, ishlab chiqarishning ekologik toza uslublarini yo‘lga qo‘yuvchilarni rag‘batlantirish mexanizmlari;
  • iqtisodiyot tarmoqlari samaradorligini baholashning innovatsion mezonlarini joriy etish nazarda tutiladi.

Xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, mamlakatning investitsion va turistik jozibadorligini oshirish bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini kuchaytirish.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari.

  • Investitsiyalar hamda turistlarni mamlakatimizga jalb qilishga ko‘maklashishni elchilar faoliyatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilash;
  • O‘zbekistonning chet eldagi elchixonalarining har birida savdo va iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi shtatini joriy qilish, ularga xos bo‘lmagan funksiya va vazifalarni yuklamaslik choralarini ko‘rish;