Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iqtisodiy o‘sish sur’atlari: 2025 yilning eng tez rivojlanayotgan mamlakatlari
Bugungi kunda jahon iqtisodiyoti real yalpi ichki mahsulot (YaIM) o‘sish sur’atlari bo‘yicha ziddiyatli manzarani namoyon qilmoqda. Yevropa iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashuvi bilan to‘qnash kelayotgan bir paytda, qator rivojlanayotgan mamlakatlar, aksincha, global o‘rtacha darajadan kamida ikki baravar tez sur’atda rivojlanmoqda. Janubiy Sudandan to Efiopiyagacha - 2025 yilda iqtisodiy yuksalishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida eksport salohiyati namoyon bo‘lmoqda.
Yuqoridagi infografikada Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ)ning World Economic Outlook nomli so‘nggi hisobotiga ko‘ra, 2025 yilning eng tez o‘suvchi iqtisodiyotlari ko‘rsatilgan. Janubiy Sudan iqtisodiyoti o‘tgan yili shikastlangan asosiy neft quvur liniyasini tiklashdan keyin deyarli 25 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Shunga qaramay, Janubiy Sudan iqtisodiyoti juda ham zaif holatda qolmoqda. Qo‘shni Sudandagi mojaro mamlakat milliy daromadining taxminan 90 foizini tashkil etuvchi neft yetkazib berishni yana izdan chiqarishi mumkin.
Xuddi shunday, Liviya va Gayanada YaIMning yuqori o‘sishi ham neft eksporti hajmlarining oshishi bilan bog‘liq. Xususan, Gayana neft sanoati 2025 yilning o‘zida taxminan 2,5 milliard dollar daromad keltirishi, 2030 yilga borib esa mamlakat sohillari yaqinida ochilgan yirik konlar hisobiga bu ko‘rsatkich 10 milliard dollarga yetishi mumkinligi qayd etilgan.
Rivojlangan iqtisodiyotlar orasida ushbu ro‘yxatga faqat Irlandiya kirdi. Bu yerda o‘sish, asosan, Tramp ma’muriyati tomonidan tariflar joriy etilishidan oldin farmatsevtika mahsulotlari eksporti oshishi hisobiga ta’minlanmoqda.
Shu orada, savdo sohasidagi keskinliklar saqlanib qolayotganiga qaramay, Hindiston iqtisodiyoti 6,6 foizga o‘sishi kutilmoqda. Dunyoda eng yuqori darajadagi boj stavkalaridan biri sanaladigan 33–36 foizlik bojlarga qaramasdan, AQShga tovar eksporti mamlakat YaIMning taxminan 2 foizini ta’minlab beruvchi muhim omil bo‘lib qolmoqda.